O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchilar va shifokorlar oyligini bosqichma-bosqich oshirish kerakligini aytdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 2022 yil uchun soliq tushumlari hamda byudjet parametrlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Kelgusi yilga mo‘ljallangan davlat byudjeti loyihasida taʼlim va tibbiyot tizimiga 58 trillion so‘m ajratilishi mo‘ljallangan. Davlat rahbari bu mablag‘ga qo‘shimcha tarzda yana 12 trillion so‘m ajratish taklifini bildirdi. Bu mablag‘lar 55 ta yangi dasturni amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Jumladan, chekka joylarda 1 600 ta bolalar bog‘chasi tashkil etish, Milliy taʼlim dasturi doirasida 40 ta yangi maktab qurish va 235 tasini taʼmirlash, darsliklarni yangilash va kompyuter sinflari ochish kabilar reja qilingan.

Taʼkidlanishicha, bakalavriatda davlat grantlari, magistratura va doktoranturaga qabullar sonini oshirish, davlat-xususiy sheriklik asosida yotoqxonalar qurishga subsidiya berish hamda 80 mingdan ortiq talabaning ijara xarajatlari bir qismini qoplash ko‘zda tutilgan.

Tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini rivojlantirish hamda hududlarda yuqori texnologik tibbiy xizmatlarni joriy etishga kelgusi yilda jami 8 trillion so‘m ajratilishi mo‘ljallanmoqda. Shundan 1 trillion so‘mi onkogematologiya, endokrinologiya, buyrak va jigar ko‘chirish kabi dasturlarga yo‘naltiriladi.

Koronavirusga qarshi emlanganlar sonini 17 million nafarga yetkazish, ehtiyojmand aholiga ixtisoslashgan tibbiy xizmatlar uchun ham zarur mablag‘ ajratiladi.

Prezident muallim va shifokorlarning oylik ish haqini bosqichma-bosqich oshirish zarurligini taʼkidlab, buning uchun qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltirishni taklif qildi.

Davlat byudjeti loyihasida uy-joylar va ijtimoiy obyektlar qurish, mahallalarni obod qilish uchun 26 trillion so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.

“Bu sohalarga shu kungacha bunday katta mablag‘ berilmagan. Endi buni tartibli, samarali tarzda joy-joyiga yetkazish kerak. Shuning uchun har bir dastur bo‘yicha ajratiladigan mablag‘larni maqsadli ko‘rsatkichlar bilan bog‘lagan holda, elektron nazorat tizimini joriy etish lozim”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Byudjet tizimida moliyaviy nazoratni kuchaytirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Buning uchun temir intizom bilan, davlat xaridlari tizimida oshkoralikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi, deyiladi xabarda.

Maʼlum qilinishicha, Moliya vazirligiga kelgusi yil 1 yanvardan tenderlarni inson omilisiz o‘tkazish tizimini joriy qilish vazifasi qo‘yilgan.

Shuningdek, barcha byudjet tashkilotlari buxgalteriyasini to‘liq raqamlashtirish, davlat xaridlari bo‘yicha hisob-kitoblarni elektron hisob-faktura orqali amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar bo‘lgan.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech