O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Sifati kafolatlanmagan dori vositalarini sotish uchun saqlagan dorixona faoliyatiga chek qo‘yildi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining “Apteka” MCHJga tegishli dorixonada muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan “Sellsept tab 500 mg №50" dori vositasini sotib kelinayotganligi yuzasidan Toshkent shahar farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘linmasiga murojaatiga asosan mazkur dorixonada belgilangan tartibda tekshiruv o‘tkazildi.

Tekshiruv davomida “Sellsept tab 500 mg №50" dori vositasi aniqlanmagan bo‘lsada, lekin dorixona savdo zalidan 8 turdagi sifati kafolatlanmagan dori vositalari sotish uchun dorixonada saqlanayotganligi aniqlanib, javobgar ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Maʼlumot uchun ushbu dori vositalari yurtimizda tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika Davlat reyestr ro‘yxatiga olinmaganligi aniqlangan.

Mazkur holat bo‘yicha Toshkent shahar farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘linmasining “Apteka” MCHJga dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun 2022 yil 28 martda berilgan TN №1633-sonli litsenziyani bekor qilish haqida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan daʼvo arizasi sudning tegishli hal qiluv qarori bilan qanoatlantirildi va “Apteka” MCHJga dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun berilgan litsenziya bekor qilindi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi 2016 yil 4 yanvardagi “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunining 23-moddasi 3-qismiga ko‘ra, sifatsiz, qalbakilashtirilgan, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini realizatsiya qilish maqsadida saqlash, tashish taqiqlanadi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech