O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

“Stop Covid” tibbiy ko‘rgazma maydoni - koronavirusga qarshi kurashishda birlashamiz!

Joriy yilning 11 noyabr kuni Toshkentda “Stop Covid 19” markazlashtirilgan tibbiyot ko‘rgazmasi ochildi. Ikki kun davom etadigan ko‘rgazmada tibbiy sohasida faoliyat yurituvchi korxonalar vakillari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.

Tadbir tashkilotchisi bo‘lmish Iteca Exhibitions xalqaro ko‘rgazmalar korxonasi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda bu kabi ko‘rgazmalarni o‘tkazish muhim. “Koronavirus pandemiyasi butun dunyoni qamrab oldi. Barcha sohalar uning taʼsiri ostida qoldi, iqtisodiyotlarga katta zarar yetdi. Mamlakatlarning sog‘liqni saqlash sohasi oldida yangi infeksiyaga qarshi kurashish vazifasi paydo bo‘ldi. Butun dunyo shifokorlari birlashgan holda xavfli kasallikni yengishga bel bog‘ladilar. Ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlar, ishlab chiqilayotgan so‘nggi ishlanma va mahsulotlar haqida barcha bilishi zarur – oddiy insondan mutaxassislar va ishlab chiqaruvchilar. Bugungi maydon aynan shuning uchun tashkil etildi”.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi vakillari ham, albatta, bu tadbirdan chetda qolmadilar. Qizlarxon Begmatova, O‘zfarmagentlikning Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbarining aytishicha, tibbiyot yo‘nalishida faoliyat yurituvchi korxonalar sohadagi eng so‘nggi ishlanmalarni, innovatsion texnologiyalarni namoyish qilishlari uchun bu ajoyib imkoniyat. “Bu yerni talab va taklif maydoni desak mubolag‘a bo‘lmaydi”, deydi Qizlarxon Begmatova.

 “Stop Covid” tibbiy ko‘rgazma maydonida koronavirus infeksiyasini davolash va tarqalishiga qarshi kurashish uchun tibbiyot va laboratoriya uskunalari, diagnostika testlari, tibbiy buyum va anjomlar, shaxsiy himoya vositalari va farmatsevtika vositalari taqdim etilgan.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech