O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Tashkent Pharma Park: qurilish ishlari avjiga chiqmoqda

Joriy yilning 31 avgust kuni Koreyaning Eksimbank maslahatchilari “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini yaratish loyihasining birinchi bosqichi doirasida Toshkentga tashrif buyurdilar.

1-2 sentyabr kunlari Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi vakillari Eksimbank maslahatchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, bir qator masalalar, xususan, “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida qurilish ishlari bilan bog‘liq masalani muhokama qildilar.

Uchrashuvlarda Koreya tomonidan loyiha menejeri va meʼmori, shuningdek uskunalar va loyihalarni rejalashtirish hamda farmatsevtika taʼlimi bo‘yicha maslahatchilar ishtirok etdi.

O‘zbekiston tomonidan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori yordamchisi, Agentlikning Xalqaro aloqalar boshqarmasi yetakchi mutaxassisi, ITSVning Koreya Respublikasi bilan hamkorlik bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari, hamda qurilish ishlari va IT bo‘yicha maslahatchilar qatnashdi.

Eslatib o‘tamiz, “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri loyihasiga binoan uning hududida bir nechta obyektlarni barpo etish ko‘zda tutilgan: maʼmuriy bino, universitet, farmatsevtika mahsulotlarini tekshirish laboratoriyasi, tadqiqot markazi, vivarium, IT markazi va boshqalar.

Uchrashuvning birinchi kunida ishtirokchilar qator masalalarni muhokama qildilar. Loyihaning bosqichlariga alohida eʼtibor berilgan bo‘lib, uning birinchi qismida o‘quv binolari, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari va IT markazini qurish va jihozlash rejalashtirilgan.

Tomonlar farmatsevtika klasteri hududida barpo etiladigan universitet bilan bog‘liq masalalarga ham alohida eʼtibor qaratdilar, xususan, universitetning ixtisoslashuvi, fakultetlar soni va yo‘nalishlari.

Ikkinchi kuni mehmonlar “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududiga tashrif buyurdilar, shuningdek farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yirik korxonalardan biri – “Jurabek Laboratories” MCHJ QK ishlab chiqarish maydonchasi bilan tanishdilar. Shundan so‘ng, tomonlar birinchi bosqich doirasida bajariladigan ishlarining umumiy hajmini birgalikda aniqlashga kelishib oldilar.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Koreya tomonlari ushbu katta loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun yana-da yaqinroq hamkorlik qilish zarurligini taʼkidladilar.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech