O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Tadqiqot: Yangi davo usuli Covid-19’ning og‘ir shaklda kechishini keskin qisqartirishi kutilmoqda

Yangi davolash usuli interferon beta oqsilini bevosita o‘pkaning o‘ziga yuborish orqali immun tizimini ishga solishini nazarda tutadi.

Britaniyaning Synairgen biotexnologiyalar kompaniyasi Covid-19‘ni davolashda keskin burilish yasashi kutilayotgan muolaja usulini ishlab chiqdi. Bu haqida BBC‘ning rus xizmati xabar bermoqda.

Muolajaga ko‘ra, interferon beta oqsilini maxsus ingalyator – nebulayzer orqali nafas tortish yo‘li bilan qabul qilish kerak bo‘ladi. Nebulayzer dorini mayda dispers aerozol ko‘rinishida o‘pkaga yuborish va bu orqali organizmda immun reaksiyasini hosil qilish imkonini beradi. Interferon beta virusdan dastlabki himoya tizimining tarkibiy qismi bo‘lib, organizmni virus hujumidan xabardor qiladi. Koronavirus esa organizmda interferon betaning ishlab chiqarilishini pasaytiradi va shu orqali immun tizimini yengishga harakat qiladi.

Interferon beta bevosita o‘pkaga yuborilganda oqsil dozasi hatto kasallik natijasida immuniteti zaiflashganlarda ham virusga qarshi kuchli reaksiyani keltirib chiqaradi.

Dastlabki sinov-tajriba natijalariga ko‘ra, mazkur usul koronavirus og‘ir shaklga o‘tgan, o‘pkani sunʼiy ventilyatsiya qilish talab etiladigan bemorlar ko‘rsatkichini 79 foizga kamaytirishi, bemorlar salomatligini koronavirus bilan ham odatiy turmush tarzini kechirish darajasida yaxshilash imkoniyatini 2-3 baravar oshirishi kutilmoqda. Shuningdek, interferon nafas qisishidan aziyat chekayotganlar sonini kamaytirishi, bemorlarning kasalxonada o‘tkazadigan vaqtini uchdan bir qismga – 9 kundan 6 kunga qisqartirishi mumkin.

Yangi davolash usulining sinov tajribasida ishtirok etgan 100 nafar ishtirokchining yarmiga interferon beta, qolgan yarmiga platsebo berilgan. Hozircha tajriba natijalari tasdiqlanmagan – kompaniya natijalarni va tadqiqot tafsilotlarini maʼlum qilganicha yo‘q.

Ammo tadqiqot rahbari Tom Uilkinsonning fikricha, natijalar tasdiqlansa, yangi dori koronavirusdan davolanish bilan bog‘liq holatni o‘zgartirib yuboradi. «Tadqiqot kichik bo‘lsa-da, natijalar ajoyib», deydi u.

Synairgen kompaniyasi ijrochi direktori Richard Marsden natijalarni «Covid-19‘ni statsionar sharoitda davolashda yirik burilish» deb baholamoqda. Kompaniya yaqin kunlarda tajriba natijalarini jahon sog‘liqni saqlash organlariga taqdim qilishi kutilmoqda. Davolash usuli tasdiqlansa, dori va nebulayzerlarni katta miqdorda ishlab chiqarish boshlanadi.

Marsdenga ko‘ra, zaxira shakllantirish maqsadida yangi dorini ishlab chiqarishga aprel oyidayoq ko‘rsatma berilgan. «Synairgen qish oylariga kelib, dorini oyiga bir necha ming dozada ishlab chiqara olishi mumkin», deydi u.

«Yangi davolash usulining tajriba-sinov natijalarni hali baholay olmaymiz. Buning uchun to‘liq maʼlumotlar va tajriba protokoli kerak. Tajriba ro‘yxatdan o‘tkazilishi, protokol esa tahlillar o‘tkazilishi va xulosalar qilinishidan avval taqdim etilishi lozim», deydi Sheffild universiteti professori Stiv Gudeyr.

Glazgo universiteti professori Navid Sattarning fikricha, tadqiqot tor doirada – 100 kishi ishtirokida o‘tkazilgan bo‘lsa-da, kasallikning og‘ir formaga o‘tish ehtimolining kamayishi vaziyatni 79 foizga o‘zgartirishi mumkin.

«Tajriba talab darajasida o‘tkazilgani va natijalar asosli ekanligiga ishonch hosil qilish kerak. Tajribaning ozchilik orasida o‘tkazilgani davolash usulining samaradorlik ehtimolini kamaytiradi. Uning turli guruhlarga mansub bemorlarga taʼsiri nomaʼlum. Shu bois tajribani kengroq doirada o‘tkazish lozim. Shunga qaramay, dastlabki natijalar yomon emas», deydi Sattar.

Manba

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech