O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Mahalliy insulin dori vositalarini tibbiyot amaliyotida qoʼllanilishiga ruxsat etildi

Аndijon tumanidagi Xartum qishlogʼida yiliga 10 million flakon insulin dori vositasi ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod ish boshlaganidan xabaringiz bor. Sogʼliqni saqlash vazirligi, Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish Аgentligi hamda “Zamin Bio Health” MChJ bilan hamkorlikda Аndijon viloyatida qandli diabet kasalligini davolashda qoʼllaniladigan “Insulin” preparati ishlab chiqarish boʼyicha katta investitsion loyiha ish boshlagan. 

Maʼlumot oʼrnida aytib oʼtsak, qandli diabet (lotincha diabetes mellitus) – endokrin kasalliklar qatoriga mansub boʼlib, insulin gormonining toʼliq yoki qisman yetishmovchiligidan kelib chiqadi. Natijada qonda giperglikemiya – qondagi glyukoza miqdorining davomli ortib borishi kuzatiladi. Kasallik surunkali davom etishi va organizmdagi moddalar almashinuv jarayonlari (uglevod, yogʼ, oqsil, mineral va suv-tuz almashinuvi)ning buzilishi bilan tavsiflanadi. Mamlakatimizda, “Insulin” dori vositasini sifatli, xalqaro talablar darajasida tayyorlash boʼyicha zarur boʼlgan klinik tadqiqot ishlari yakunlandi. 3 xil koʼrinishdagi “Juslin N”, “Juslin R”, “Juslin 30/70” insulin preparatining bemorlarda tadqiqot ishlari ijobiy natija bilan oʼz nihoyasiga yetdi. Kuni kecha esa ushbu preparatlar Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan davlat roʼyxatidan oʼtkazilib tibbiyot amaliyotida qoʼllanilishiga ruxsat etildi. 

Xususan:
Qisqa taʼsirga ega insulin -«Juslin R» nomlanishidagi eritma 100 XB/ml” – (taʼsirini boshlanishi odatda 30–60 minutdan keyin; taʼsir maksimumi 2–4 soatdan soʼng; taʼsir davomiyligi 6–8 soatgacha). 

Uzoq taʼsirga ega insulin «Juslin N» nomlanishidagi suspenziya 100 XB/ml –(taʼsirini boshlanishi 4–8 soat; taʼsir choʼqqisi 8–18 soat; umumiy davomiyligi 20–30 soat).

Majmuaviy taʼsirga ega insulin preparati- «Juslin 30/70» nomlanishidagi suspenziya 100 XB/ml – (bifaz preparatlar) (gipoglikemik samara teri ostiga yuborilgandan keyin 30 minutdan boshlanadi, 2-8 soatdan keyin maksimumiga yetadi, taʼsir davomiyligi 18-20 soatgacha davom etadi). 

Аyni paytga qadar insulin dori vositasi yurtimizga chetdan keltirilardi. Korxonaning toʼliq ishga tushishi natijasida ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan mahsulotning 30 foizi mamlakatimiz ichki bozori talabini qoplaydi, dori vositasinning import hajmi kamayib, eksport imkoniyatini kengaytiradi, valyuta tejaladi va dorining tannarxi pasayadi. Zavodning qurilishi mamlakatimizning nafaqat iqtisodiy salohiyatini koʼrsatadi, balki davlatimizning xalqimiz salomatligiga boʼlgan eʼtiborining ahamiyatli belgisi hamdir.

Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish Аgentligi matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech