O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

“Tib Texnika” MCHJ korxonasi Janubiy Koreyaning “Noanix” kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda

O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi hamkorligi so‘nggi yillarda keng ko‘lam kasb etmoqda. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ushbu davlatga amalga oshirgan davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish, strategik sheriklik munosabatlarini izchil mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Bu o‘z navbatida hududlararo o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish imkonini bermoqda.

Joriy yilning 24-27 avgust kunlari Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi delegatsiyaning Janubiy Koreyaga tashrifi chog‘ida bu yana bir bor yaqqol namoyon bo‘ldi.  Tashrif doirasida mazkur mamlakatning yirik shaharlari rahbariyati, idoralar va yirik kompaniyalari mutasaddilari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazildi.

Eʼtiborlisi, Osiyo mintaqasining rivojlangan davlatiga safar davomida qator muvaffaqiyatli kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Tegu metropolitan shahri maʼmuriyati bilan uchrashuv va muloqotlar samarali bo‘ldi. Shahar meri Xon Jun Pyo va Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ishtirokida kechgan muloqotda Buxoro va Tegu shaharlari o‘tmish va bugungi kunni bog‘lovchi rivojlanish jarayoni jihatidan o‘xshashliklarga egaligi, har ikki hududda to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalari rivojlanganligi, shuningdek, taʼlimga katta eʼtibor qaratilgani mamnuniyat bilan tilga olindi.

Uchrashuvda kelgusida Buxoro viloyati va Tegu metropolitan shahri o‘rtasida investitsiyalarni jalb qilish, o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichda davom ettirish masalalari yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.

Shundan kelib chiqib, ikki tomonlama teng manfaatli hamkorlik aloqalarini kengaytirish, o‘zaro iqtisodiy loyihalarni yana-da rivojlantirish, ilm-fan, texnologiya, taʼlim, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, madaniyat, turizm va sport yo‘nalishlarda sheriklikni mustahkamlashga doir hamkorlik Memorandumi imzolandi va bu borada “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladigan bo‘ldi.

Taʼkidlash joizki, Tegu metropolitan shahri savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda kelgusi 2023 yilda Buxoro viloyatida O‘zbek-Koreys biznes forumini tashkillashtirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, mazkur tashrif doirasida Janubiy Koreyaning o‘ndan ortiq biznes-doira vakillari ishtirokida muzokaralar tashkil etilib, ishbilarmon doira vakillari bilan qator loyihalar yuzasidan bitimga erishildi. Chunonchi, Koreya tadbirkorlari bilan Buxoro viloyatida farmatsevtika, elektrotexnika, chiqindini qayta ishlash sohalarida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

Aniqroq aytganda, mazkur uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha Janubiy Koreyaning “Noanix” kompaniyasi bilan Buxorodagi “Tib Texnika” MCHJda farmatsevtika mahsulotlari –– koronar stendlarni dorilash va vakuteynerini ishlab chiqarish, shuningdek, “Noanix” kompaniyasining tajribali kardiolog jarrohlarini Buxoro viloyatiga jalb qilgan holda jarrohlik operatsiyalarini amalga oshirish belgilangan.

Xuddi shunday, “ShBio” kompaniyasi bilan kosmetika mahsulotlarini ishlab chiqarishga doir investitsiya loyihasini amalga oshirish, “GEMSS HEALTHCARE” kompaniyasi bilan investitsiya loyihasini (tibbiyotda qo‘llaniladigan rentgen uskunalari ishlab chiqarish) amalga oshirish, shuningdek, “HIBI International Co. LTD” kompaniyasi tomonidan parrandachilik kompleksini tashkil qilishga doir istiqbolli biznes loyihalar ro‘yobi uchun amaliy saʼy-harakat boshlanmoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech