O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini malaka toifalariga ega bo‘lishining qanday afzalliklari bor?

Shifoxonaga borgan har bir bemor o‘zini malakali shifokor davolashini istaydi. El orasida hurmat-eʼtiborga ega shifokorlarimiz ko‘p. Lekin shifoxonaga ilk bor qadam qo‘ygan kishi mutaxassisning tajribasi, bilimiyu malakasi haqida qaydan maʼlumotga ega bo‘lishi mumkin? Ixtisoslashgan malaka toifalariga ega bo‘lishning qanday afzalliklari bor? Bu jarayon qanday tashkillashtiriladi? Shu kabi savollar bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Vrachlar va farmatsevtlarga litsenziya berish va attestatsiyadan o‘tkazish respublika markazi direktori Ahror Yarqulovga yuzlandik.

— Malaka toifasi nima? Uni olishda shifokorlarga qanday manfaat bor?

— Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasini beruvchi ixtisoslashtirilgan attestatsiya komissiyalari shunday muammolarni hal qiladi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifalarini berish tizimi tibbiy xizmat sifati va mutaxassislarning o‘z ustida ishlashi, soha bo‘yicha bilim va tajribalarini chuqurlashtirib borishiga imkon beradi. Bu barcha davlat va nodavlat tibbiyot muassasalarida ishlaydigan shifokorlar uchun bir xil standartlarda amalga oshiriladi.

Mutaxassislar ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lish uchun 5 yildan 7 yilgacha, birinchi toifaga ega bo‘lish uchun 7 yildan 10 yilgacha, oliy malaka toifasiga ega bo‘lishi uchun 10 yil va undan ortiq ish stajlariga ega bo‘lishlari talab qilinadi. Oliy taʼlimni tamomlagan yosh mutaxassislar esa uchinchi malaka toifasini olishlari mumkin. Shuningdek, so‘nggi yillarda kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiyot fanlari doktori va tibbiyot fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘lgan yoki chet eldan kelib ishlayotgan vrachlarga istisno tariqasida bir pog‘ona yuqori malaka toifasi berilishi belgilangan.

— Malaka toifasiga ega bo‘lgan mutaxassislarga moddiy rag‘bat ham ko‘zda tutilgan...

— Albatta. Mutaxassislarga malaka toifalarini berishdan asosiy maqsad tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini ham moddiy, ham maʼnaviy tomondan qo‘llab-quvvatlashdir. Oliy malaka toifasini olgan shifokorning asosiy oyligiga 30 foiz qo‘shimcha to‘lov, birinchi malaka toifasi berilgan mutaxassisning asosiy ish haqiga 20 foiz qo‘shimcha to‘lov va ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining asosiy ish haqiga 10 foiz qo‘shimcha to‘lov to‘lanadi. Bu esa tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun nafaqat moddiy, balki maʼnaviy rag‘batlantirish ham hisoblanadi. Uchinchi malaka toifasi olgan xodimlarning asosiy ish haqiga qo‘shimcha to‘lov to‘lanmasa-da, ular xususiy tibbiyot muassasasiga ishga kirish huquqiga ega bo‘lish bilan birgalikda, yaxshigina maosh olish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

Shu jihatlarni o‘ylab, Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 3 iyundagi bayoniga ko‘ra, karantin davrida muddati tugaydigan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga tegishli malaka toifasi berilganligi to‘g‘risidagi sertifikatlarning amal qilish muddati 2020 yilning 1 oktyabriga qadar uzaytirilgan edi. Vaziyatdan kelib chiqqan holda o‘z vaqtida qabul qilingan ushbu qaror juda to‘g‘ri bo‘ldi. Shunga ko‘ra, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining tegishli malaka toifasiga bog‘liq bo‘lgan barcha turdagi to‘lovlar mazkur tartibdan kelib chiqqan holda hisoblanib to‘lanishi taʼminlandi. Bu mutaxassislarimiz uchun karantin davrida yaxshigina ko‘mak bo‘ldi, deb ayta olamiz.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev suhbatlashdi

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech