O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Tibbiyot va farmasevtika oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida yangi o‘qitish tizimi joriy etiladi

Tibbiyot va farmatsevtika oliy taʼlim muassasalari o‘quv jarayoniga bosqichma-bosqich kredit-modul tizimini joriy etish maqsad qilingan.

Vazirlar Mahkamasining “Tibbiyot va farmatsevtika oliy va o‘rta maxsus taʼlim muassasalarida kredit-modul o‘qitish tizimini joriy etish to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi. 

O‘rta maxsus professional taʼlim muassasalari o‘quvchilari, oliy taʼlim muassasalari bakalavriat va magistratura talabalari, birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslarida tinglovchilari hamda klinik ordinator (rezident)lar bilimini nazorat qilish va baholashning maqsadi — yuqori malakali, raqobatbardosh, sog‘liqni saqlashning zamonaviy xalqaro standartlarga javob bera oladigan tibbiyot kadrlarni tayyorlash hamda taʼlim oluvchilarda mustaqil taʼlim olish, taʼlim sifatini boshqargan holda tibbiyotning tegishli sohalarida amaliy ko‘nikmalarni hosil qilish va rivojlantirish, talabalarning modullarni o‘zlashtirishida bo‘shliqlar hosil bo‘lishining oldini olish, ularni aniqlash va bartaraf etishdan iborat.

Kredit-modul o‘qitish tizimi o‘quv jarayonining quyidagi shakllaridan iborat:

auditoriya mashg‘ulotlari - maʼruza, nazariy, amaliy, seminar, laboratoriya mashg‘ulotlari, o‘quv (klinik) amaliyoti;

auditoriyadan tashqari mashg‘ulotlar - ilmiy kutubxonada ishlash, mustaqil ishlar, individual maslahatlar, klinik vazifalar, ishlab chiqarish (malaka) amaliyoti, kurs ishi (loyihasi), bitiruv malakaviy ishi,taʼlim oluvchilar ilmiy anjumanlarda qatnashishi, magistratura mutaxassisliklarida ilmiy faoliyat turlari va h.k.

Modullar quyidagilar orqali amalga oshiriladi:

kredit birliklarini hisobga olgan holda o‘quv rejadagi har bir moduli uchun dasturlar;

har bir modulning auditoriya ishi: maʼruzalarning matn va prezentatsiyalari, nazariy, amaliy, seminar va laboratoriya mashg‘ulot rejalari, multimedia bilan taʼminlash, amaliy ko‘nikmalarni va kompetensiyalarni o‘zlashtirishi uchun jihoz va simulyatorlar (trenajyorlar);

taʼlim oluvchilarning mustaqil ishlashi: uy vazifasi uchun matnlar to‘plami, har bir modul uchun o‘z-o‘zini nazorat qilish materiallari, referat va kurs ish (loyiha)lari mavzulari, elektron kutubxona, videoteka (video kutubxona), amaliy ko‘nikmalar va kompetensiyalarni o‘zlashtirishi uchun jihoz va simulyatorlar (trenajyorlar);

taʼlim oluvchilar bilimini nazorat qilish: testlar, har bir modul uchun nazorat savollari, jumladan, obyektiv tizimlashtirilgan klinik imtihon (OSCE), obyektiv tizimlashtirilgan imtihon (OSE) va boshqalar uchun topshiriqlar;

amaliyot o‘tkazish: tashkilot (muassasa)lar bilan shartnomalar tuzish, o‘quv va ishlab chiqarish (malaka) amaliyoti, kurs ishi (loyihasi), bitiruv malakaviy ishini o‘tkazish rejalari va dasturlari, hisobot hujjatlari shakllari va boshqalar;

magistratura mutaxassisliklarida ilmiy faoliyat yuritish: ilmiy–tadqiqot ishi, ilmiy amaliyot va magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash uchun mavzu va materiallar, hisobot hujjatlari shakllari va boshqalar.

O‘quv rejasidagi barcha turdagi o‘quv ishlarining yuklamalari kreditlar (kredit birliklari)da belgilanadi. 1 kredit (kredit birligi) taʼlim yo‘nalishi, mutaxassislik xususiyatlarini inobatga olgan holda Sog‘likni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi, kamida 30 va 36 gacha akademik soatga teng belgilanishi mumkin.

Dasturlarning yuklamalari quyidagilardan iborat:

o‘rta maxsus professional taʼlim yo‘nalishlarida kamida 60 kredit bir o‘quv yili davomida taʼlim oluvchining to‘liq yuklamasiga, kamida 30 kredit esa bir o‘quv semestriga to‘g‘ri keladi;

bakalavriat taʼlim yo‘nalishlarida kamida 60 kredit bir o‘quv yili davomida taʼlim oluvchining to‘liq yuklamasiga, kamida 30 kredit esa bir o‘quv semestriga to‘g‘ri keladi;

magistraturada kamida 72 kredit bir o‘quv yili davomida taʼlim oluvchining to‘liq yuklamasiga, kamida 36 kredit esa bir o‘quv semestriga to‘g‘ri keladi;

klinik ordinatura (rezidentura) va birlamchi maqsadli ixtisoslashtirishda – kamida 72 kredit bir o‘quv yili davomida taʼlim oluvchining to‘liq yuklamasiga, kamida 36 kredit esa bir o‘quv semestriga to‘g‘ri keladi.

Bir kredit birligi umumiy ish hajmi davomiyligi 45 daqiqa, 30-36 akademik (yoki 22,5-27 astronomik)soatga muvofiq keladi.

Taʼlim oluvchining haftalik o‘quv yuklamasining maksimal hajmi 45-54 akademik soatni, yaʼni 1,5 kredit birligini tashkil etadi.

Modul o‘quv yuklamasini kredit birliklarida hisoblash o‘rnatilgan tartib bo‘yicha uning ish hajmini 30-36 akademik soatga bo‘lishdan kelib chiqib, u 0,5 gacha yaxlitlash orqali amalga oshiriladi. Modul bo‘yicha sinov va kurs loyihalari (ishlari)ning ish hajmi modulning kredit birligida umumiy o‘quv yuklamasi tarkibiga kiradi.

Ishlab chiqarish (malaka) amaliyotning 1 haftasi 1,5-4,0 kredit birligida ifodalanadi. Taʼlim yo‘nalishi va mutaxassislik xususiyatlarini inobatga olgan holda ishlab chiqarish (malaka) amaliyoti modulini to‘liq amalga oshirish maqsadida haftalar soni ko‘paytirilishi mumkin.

Semestr bo‘yicha bir imtihon 1 kredit birligi (3 kungacha tayyorgarlik ko‘rish va 1 kun imtihon topshirish)da ifodalanadi.

Magistratura va klinik ordinatura (rezidentura)da, birlamchi maqsadli ixtisoslashtirishda semestr yakuni bo‘yicha attestatsiya (yarim yillik, yillik) o‘tkaziladi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech