O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifalari berish attestatsiyalari faqat og‘zaki shaklda olinadi

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Vrachlar va farmatsevtlarga litsenziya berish va attestatsiyadan o‘tkazish respublika markazi direktori Ahror Yarqulov bilan suhbat.

— Malaka toifasi berish bo‘yicha milliy va xalqaro tajriba o‘rtasida qanday farqlar bor?

— Mamlakatimizda 75 ming nafardan ortiq shifokor bo‘lsa, ulardan 48,1 foizi malaka toifasini olishga muvaffaq bo‘lgan.

Attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish — biz uchun eng maqbul yo‘l. Shu maqsadda malaka toifalari qatoriga uchinchi toifani kiritdik. Ikkinchi malaka toifasini olish uchun 5 yildan 7 yilgacha ishlash kerak. Tibbiyot oliy o‘quv yurtlarini tamomlagan ikkinchi malaka toifasi olish uchun yetarlicha ish stajiga ega bo‘lmagan kadrlar uchinchi malaka toifasini olishi mumkin. Bu esa ularga xususiy sektorda ish boshlashlariga qo‘l keladi. Bu tajriba boshqa mamlakatlarda yo‘q.

Shuni ham alohida taʼkidlash lozimki, malaka toifasini olish uchun tibbiyot va farmatsevtika xodimlari maxsus tayyorgarlik ko‘radi, avvalambor, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, uning filiallari va tibbiyot oliy o‘quv yurtlaridagi, shuningdek, ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazlaridagi malaka oshirib, uzluksiz kasbiy tibbiyot taʼlimida to‘planadigan kreditlar hajmini yig‘adi, o‘zlarining nazariy bilimlari oshirib, amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlaydi.

— Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifalarini berish bo‘yicha qanday ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda?

— Markazimiz eng zamonaviy kompyuter qurilmalari bilan jihozlangan. Barcha maʼlumotlar elektron tizimga birlashtirilgan. Elektron dasturlar bilan bog‘liq 12 ta patentga egamiz. Bu borada ko‘plab tashkilotlar va davlat idoralari havas qilgulik natijalarga erishganmiz, deb bemalol ayta olaman.

Bundan tashqari so‘nggi ikki yilda attestatsiyadan o‘tkazish va malaka toifalarini berish jarayoniga qator o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan:

➖ Hududiy sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari huzuridagi attestatsiya komissiyalariga 1-malaka toifasini berishga ham ruxsat berildi (avval 3- va 2-toifalarni bera olardi);

➖ Attestatsiyaga taqdim qilinadigan hujjatlarni notarial idoralardan tasdiqlatish tartibi bekor qilindi;

➖ Attestatsiyalar faqat bir bosqichda — og‘zaki imtihon shaklida olinishi belgilandi;

➖ Zarur ish stajiga ega bo‘lgan xodim muassasa rahbarining taqdimnomasi asosida muddatidan oldin — oxirgi malaka toifasi berilgan kundan bir yildan keyin attestatsiyadan o‘tishi mumkin bo‘ldi;

➖ Tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiyot fanlari doktori va fan nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘lgan mutaxassislarga istisno tariqasida bir daraja yuqori malaka toifasi berilishi belgilandi;

➖ Malaka toifasiga noloyiq deb topilgan xodimlar 9 oydan so‘ng (avval bir yil edi) qayta attestatsiyadan o‘tishi belgilandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev suhbatlashdi

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech