O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Toshkent farmatsevtika instituti Kuzatuv kengashining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Mamlakatimizda har tomonlama yetuk, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga katta eʼtibor berilmoqda, ularning chuqur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishini taʼminlash maqsadida keng ko‘lamli faoliyat amalga oshirilmoqda. Jumladan, joylarda oliy taʼlim tizimini tubdan isloh qilishga qaratilgan ko‘plab chora-tadbirlar izchil bajarib kelinmoqda. Shuningdek, har bir taʼlim muassasasi tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga biriktirilib, ular negizida puxta bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar shakllantirish ishlari jadal amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning 28 yanvar sanasida Toshkent farmatsevtika instituti Kuzatuv kengashining ilk yig‘ilishi video-konferens shaklda bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev kuzatuv kengashi raisi sifatida ishtirok etib, Muhtaram Prezidentimizning mamlakatda kadrlar yetishtirishga oid siyosatlari borasida to‘xtalib o‘tdi.

“Davlat rahbari tomonidan imzolangan biror Farmon, Qaror va boshqa hujjatlar yo‘qki unda, albatta, tegishli sohada kadrlar tayyorlashga qaratilgan topshiriq, vazifa yoki band bo‘lmasa” – dedi Sardor Kariyev. “Bu borada  taʼlimni, jumladan oliy taʼlim tizimini isloh qilishga qaratilgan ko‘plab Farmon, Qarorlari va topshiriqlari mazkur sohani jadal rivojlantirishni taqozo etmoqda. Mamlakatda taʼlim muassasalarini vazirlik, idora, tashkilotlarga biriktirib ularning faoliyatini takomillashtirishga sohaning yetuk mutaxassislarini jalb qilish ishlari tashkil etilmoqda.”

Taʼkidlash joizki, davlatimiz rahbarining 2021 yil 24 dekabrdagi “Davlat oliy taʼlim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini taʼminlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2021 yil 24 dekabrdagi “Davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari sohada olib borilayotgan islohotlarni chuqurlashtirish, ularni kengaytirish, 35 ta davlat oliy taʼlim muassasalariga akademik, tashkiliy-boshqaruv va moliyaviy mustaqillik berishni nazarda tutadi.

Shu bilan birga, soha rivojiga salbiy taʼsir etuvchi omillar bartaraf etilmoqda. Masalan, o‘tgan yilga qadar oliy taʼlim muassasalarida vasiylik kengashlari mavjud bo‘lib, ularning amaliy faoliyat talab darajasida tashkil etilmagan edi.

Prezidentimizning qaroriga muvofiq, 2022 yil 1 yanvardan boshlab moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy taʼlim muassasalarida vasiylik kengashlari tugatildi hamda tarkibining kamida 70 foizi tegishli vazirlik, idoralar, kadrlar buyurtmachilari, jamoatchilik vakillari va homiylardan iborat bo‘lgan yuridik shaxs maqomisiz oliy taʼlim muassasalarining Kuzatuv kengashlari tashkil etildi. (Maʼlumot uchun, Toshkent farmatsevtika instituti moliyaviy mustaqillikka ega bo‘lgan davlat oliy taʼlim muassasalari ro‘yxatiga kiritilgan.)

Ushbu kengashlarning asosiy maqsadi taʼlim jarayoni shaffofligiga erishish, jamoatchilik taʼsirini kuchaytirish, talabalarning sifatli taʼlim olishlarini taʼminlash, ularga tegishli shart-sharoitlar yaratish hamda taʼlim-tarbiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Shuningdek, kuzatuv kengashlarining zimmasiga taʼlim muassasalariga munosib rahbarni saylash, muassasani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash hamda vaqti-vaqti bilan muassasa rahbariyatining mablag‘lardan foydalanish holati yuzasidan hisobotlarini tinglashi belgilandi. Mazkur tuzilmalarga ko‘plab vazifalar belgilanib, qator vakolatlar berilganligi diqqatga sazovordir.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech