O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Toshkent Farmatsevtika instituti O‘quv tajriba ishlab chiqarish markaziga ega bo‘ldi

Toshkent farmatsevtika institutida 2021 yil 29 yanvar kuni talabalar uchun institut hududida ishlab chiqarish amaliyotini joriy etish maqsadida o‘quv ishlab chiqarish kompleksining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 may kunidagi “Tibbiyot va farmatsevtika taʼlimi va ilm-fani tizimini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-4310-son qarori hamda sanoat korxonalariga yetuk mutaxassis kadrlarni tayyorlash, dorivor o‘simliklar yetishtirish va qayta ishlashni yana-da rivojlantirish uchun qulay muhit yaratish, sohaning eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish jarayonlarini integratsiyalash maqsadida yaratilgan mazkur kompleksning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev, Fanlar Akademiyasi O‘simlik moddalari kimyosi instituti direktori Shomansur Sagdullayev, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev, Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi direktori Mirzoxidjon Qodirov hamda institut rahbariyati, o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.

“Oldimizda turgan dolzarb vazifalardan biri yoshlarni kasbga yo‘naltirish, o‘z sohasining yetuk mutaxassisi etib yetishtirish, ongida mustahkam maʼnaviy tushunchalarni, insonparvarlik va demokratik qadriyatlarni mustahkamlashdir”, dedi o‘z kirish so‘zida Toshkent farmatsevtika instituti rektori Kamal Rizayev.

Toshkent farmatsevtika institutida ochilgan Ishlab chiqarish kompleksining asosiy faoliyati talabalarga nazariy bilimlarni amaliyot bilan bog‘lashda ko‘nikma berish, bevosita institut hududidan chiqmagan holda amaliyot o‘tab farmatsevtik uskunalarni ishlatishni o‘rganishdan iboratdir.

Markazning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyevning aytishicha, Prezidentimizning 2019 yil 6 maydagi “Tibbiyot va farmatsevtika taʼlimi va ilm-fani tizimini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-4310-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent farmatsevtika instituti qoshida ochilgan ushbu o‘quv tajriba ishlab chiqarish markazi ushbu maskanda tahsil olayotgan talabalarni sohasining yetuk mutaxassislari bo‘lib shakllanishi uchun zamindir.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech