O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Toshkent shahar prokurori: «Poytaxtdagi 1 ming 562 ta dorixona rahbari narx-navoni asossiz oshirmaslik bo‘yicha jiddiy ogohlantirildi»

Toshkent shahar prokuraturasi dori-darmon oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi chayqovchilarga nisbatan ham jiddiy kurashmoqda. Bugungi kungacha o‘nlab jinoiy ishlar qo‘zg‘atilib, javobgarlikka tortilgan. Bu haqda 20 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press klubning navbatdagi sessiyasida Toshkent shahar prokurori Bahriddin Valiyev maʼlum qildi.

«Yurtimizda pandemiya masalasi dastlab shu yilning 15 martida ko‘tarilgan bo‘lsa, bizga bu bo‘yicha Bosh prokurorimiz boshchiligida topshiriqlar berildi hamda ishchi guruhlar tuzildi. Shuningdek, oldimizga ikkita masala qo‘yildi. Birinchisi, joylarda arzonlashtirilgan yarmarkalar tashkil qilish orqali aholini oziq-ovqat bilan taʼminlash bo‘lsa, ikkinchisi esa dori-darmonlar narxini asossiz oshib ketishining oldini olishdir.

Bugungi kunda dori-darmonga bo‘lgan ehtiyojni qondirish uchun barcha choralar ko‘rilyapti. Shahar hokimi boshchiligida 30 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Shundan 15 milliard so‘mga kerakli dorilar sotib olish yo‘lga qo‘yildi va qisman shahardagi dorixonalarga kirib keldi.

Ayni paytda Toshkent shahrida 1 ming 562 ta dorixona faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu dorixonalarning barchasiga borib, rahbarlari bilan uchrashib chiqdik. Ularni dorilarning narxini asossiz oshirishga yo‘l qo‘ymaslik borasida rasman ogohlantirib, buning oqibatlari yomon ekanligini tushuntirdik va hatto jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligini ham taʼkidladik», — dedi Valiyev.

“Daryo” muxbirining xabar berishicha, sessiya davomida poytaxt bosh prokurori dorilar zaxirasiga oid savolga ham javob berdi. «Dori-darmonlar zaxirasi yaratilgani haqida to‘la-to‘kis aytishga bir necha kun vaqt bor. Hamma iqtisodiy masalalar hukumat va shahar hokimligi tomonidan yechib berildi. Ayrim dorilar ro‘yxati shakllantirildi va ulardan bugungi kunda birinchi navbatda kerak bo‘ladigan 10 xilini olib kelish yo‘lga qo‘yildi. Ilk bosqichdagilari kirib ham keldi, hozir dorixonalarimizda mavjud.

Biz dorilar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi savdogarlarga qarshi ham qattiq kurash olib bormoqdamiz. Bu jarayonda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan yaqin hamkorlik qilyapmiz. Shu bugunga kelib o‘ndan ziyod jinoiy ishlar qo‘zg‘atilib, jinoiy javobgarlikka tortildi. Qiriqqa yaqini esa maʼmuriy javobgarlikka tortilish uchun hujjatlar tayyorlanib, sudlarga topshirildi», — dedi Bahriddin Valiyev.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech