O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyatida pandemiya sharoitida talab yuqori bo‘lgan dori vositalarining noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan IIBB bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro M.B. dori vositalarini qimmat narxlarda muomalaga kiritish orqali noqonuniy daromad orttirishni ko‘zlab, boshqa bir fuqaroga Hindiston davlatida ishlab chiqarilgan 20 dona “Remdesivir Jubi-R” dori vositasini har birini 900 ming so‘mdan, Ukraina davlatida ishlab chiqarilgan 20 quti “Serebrokurin” dori vositasini har bir qutisini 410 AQSH dollaridan hisoblab jami 9 900 AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departamentning Olmazor tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Sh.A. xorijda ishlab 130 dona “Covifor” (Remdesivir Injectio) dori vositasini har bir donasini 650 ming so‘mdan hisoblab, jami 84,5 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.

Xuddi shunday, fuqaro R.Sh. va F.A.lar oldindan til biriktirib, Hindiston davlatida ishlab chiqarilgan 21 dona “Remdesivir for injection” dori vositasini har bir donasini 850 ming so‘mdan hisoblab, jami 17,8 mln so‘mga sotgan vaqtida Departamentning Qarshi shahar bo‘limi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (dori vositalarini dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech