O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Toshkent viloyatidagi farmasevtika korxonalariga press-tur uyushtirildi

Toshkent viloyatida farmatsevtika sohasida 2021-2023 yillarda umumiy qiymati 538,9 million AQSH dollarlik 34 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilishi, 4 ming 165 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Xususan, 2021 yilda 129 million AQSH dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan hududda farmatsevtika sanoati va dori vositalarini ishlab chiqarish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tinishtirish maqsadida Yuqori Chirchiq va Parkent tumanlariga tashkil etilgan press-turda shu haqida batafsil maʼlumot berildi.  

Dastlab jurnalistlar Yuqori Chirchiqdagi “UZGERMED PHARM" qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Germaniya kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu korxonada hozir 50 turga yaqin har xil dori vositalari tayyorlanadi. 300 nafar malakali mutaxassislar faoliyat ko‘rsatmoqda. Mahsulotlar ko‘proq tashqi bozorga, xususan, MDH davlatlariga eksport qilinadi.

Mazkur korxona GMP, ISO kabi ko‘plab sertifikatlarni olgan bo‘lib, xodimlar malakasini oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi.  

Maʼlumki, o‘tgan yildan buyon butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham koronavirus pandemiyasiga qarshi keng ko‘lamli profilaktika tadbirlari olib borilmoqda. Mazkur korxonada ish muntazam  tashkil qilinib mamlakatimiz aholisi ehtiyoji uchun dori vositalari yetkazib berildi. Dori vositalari ishlab chiqarish uchun xomashyo chet davlatlardan keltiriladi. Bir yilda 7 ming qadoqda dori vositalari tayyorlanadi.  

Press-tur davomida jurnalistlar ishlab chiqarish sexida ish jarayoni bilan tanishishdi. Bu yerda har bir ishchi va mutaxassis karantin talablari asosida nazoratdan o‘tadi va binoning ichki tozaligiga alohida eʼtibor beriladi. Ish jarayonida dastlab dori vositalari quyilib, sterilizatsiya qilinadi. Barcha jarayonlar belgilangan tartibda amalga oshiriladi va mahsulotlar tegishli tartibda sifat nazoratidan o‘tkaziladi.

Shuningdek, laboratoriya va omborxonada olib borilayotgan ishlar ham ko‘zdan kechirildi.

Shundan so‘ng jurnalistlarning navbatdagi manzili “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonasi bo‘ldi. Bu yerda mutaxassislar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha atroflicha maʼlumot berildi.

– Hududda umumiy qiymati 49,1 million  dollarlik 10 ta investitsiya loyihasini amalga oshirib 825 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan, –deydi  “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonasi rahbari Tursunboy Ortiqov. – Jami loyihalar ishga tushishi natijasida qiymati 50 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqariladi. 6,7 million  dollarlik mahsulot eksport qilinadi. Hozirgi paytda 6 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.  

Mutaxassislar tomonidan EIZ hududida faoliyat yuritayotgan “ZUMA-PHARMA” MCHJning “Flakonlarda inyeksion liofil kukun va suyuqlik ko‘rinishidagi ishlatishga tayyor shpris ruchkalardagi hamda ampula dori vositalari ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasi haqida atroflicha maʼlumot berildi. Uning qiymati 8,5 million dollarga teng.  

Hozirda bu yerda zarur bino-inshootlar qurilish ishlari amalga oshirilayotgan bo‘lib, tegishli asbob- uskunalarning bir qismi olib kelingan. Loyiha 2021 yilning dekabr oyida ishga  tushirilishi va 100 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan. Kelgusida korxona tomonidan koronavirusga qarshi vaksina ham ishlab chiqarish belgilangan.

Tadbir davomida jurnalistlar Parkent tumanidagi “ZAMONA RANO” korxonasiga ham borib, ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi.  

Maʼlumki, mazkur korxona dorivor o‘simliklar, fitochoylar, fitovanna va boshqa turdagi shifobaxsh muolajalar uchun zarur bo‘ladigan xom ashyo mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Tog‘li hududda yetishtirilgan, 100 foizli organik ekologik toza xom ashyodan foydalanilib, noyob retseptura asosida turli mahsulotlar ishlab chiqariladi.  

Ularni faol qo‘llash natijasida muayyan samaraga erishilayotganligi bois aholi o‘rtasida fitoterapiya madaniyati tobora rivojlanib bormoqda. Shuningdek, korxona mahsulotlarining samaradorligi klinik asosda isbotlangan bo‘lib, xalqaro sifat sertifikatlari bilan tasdiqlangan.

Press-tur davomida OAV vakillari mutaxassislar bilan suhbatlashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

A.Musayev, O‘zA

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech