O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Toshkent xalqaro investitsiya forumida umumiy 7,8 mlrd dollarlik shartnomalar va investitsiyaviy bitimlar paketi imzolandi

Poytaxtimizda joriy yilning 24-26 mart kunlari Birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir 2 mingdan ortiq ishtirokchilarni – jahonning 56 mamlakatidan yirik investorlar va yuqori martabali mehmonlarni birlashtirgan biznes dunyosidagi muhim voqeaga aylandi.

Forum doirasida, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hamda “Grand Pharm Logistics Hub” MCHJ o‘rtasida uch tomonlama investitsion shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra, “Grand Pharm Logistics Hub” MCHJ tomonidan “Tashkent Pharma Park” klasteri hududida “Zamonaviy va innovatsion farmatsevtik logistik markaz”ni tashkil qilish ko‘zda tutilgan.

Maʼlumot uchun, qiymati 54 mln AQSH dollarlik “Grand Pharm Logistics Hub” korxonasining o‘z mablag‘lari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriluvchi mazkur markazda tovarlarni saqlashga mo‘ljallangan omborxonalar, bojxona ro‘yxatidan o‘tkazishga mo‘ljallangan bojxona omborxonalari, muzlatgich xonalar va boshqa maʼmuriy, texnik inshootlar barpo etiladi. 1200 yangi ish o‘rinlarini yaratuvchi “Zamonaviy va innovatsion farmatsevtik logistik markaz” faoliyatini to‘liq avtomatlashtirish maqsadida tovarlar sifatini taʼminlovchi “GDP” standarti va zamonaviy boshqaruv tizimini taʼminlovchi “SAP” tizimi tadbiq qilinadi.

Taʼkidlash joizki, “Grand Pharm Logistics Hub” MCHJ jahonning nufuzli farmkompaniyalari bilan hamkorlik qiluvchi “Grand Pharm Trade” MCHJ kompaniyasi taʼsischiligida tashkil etilgan. “Grand Pharm Trade” MCHJ respublika bo‘yicha yirik savdo tarmog‘iga va 332 dan ortiq dorixonalariga ega, shuningdek 4500 dan ziyod dorixonalar bilan hamkorlik qiladi.

Shu bilan birga, 1-Toshkent xalqaro investitsiya forumi davomida Agentlik, “Tashkent Pharma Park” hamda “Remedy Group” MCHJ o‘rtasida qiymati 5 million dollarlik investitsion shartnoma ham imzolandi. Unga ko‘ra, klasterning sanoat hududida “Dori vositalar va moddalarni (substansiyalarni) ishlab chiqarishni amalga oshirish”loyihasi asosida kompaniya farmatsevtik mahsulot ishlab chiqaruvchi zavodini barpo etib, 2026 yilning 3-choragida ishga tushirishi rejalashtirilgan.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech