O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Toshkentda "Giyohvandlik zalolatga eltuvchi yo'l", "Noqonuniy dori vositalari va psixotrop moddalar sotilishining salbiy oqibatlari" mavzusida tadbir bo'lib o'tdi

Joriy yil 20 oktyabr kuni, Toshkent farmatsevtika instituti professor-o'qituvchilari va talabalar o'rtasida "Giyohvandlik zalolatga eltuvchi yo'l", "Noqonuniy dori vositalari va psixotrop moddalar sotilishining salbiy oqibatlari" mavzusida targ'ibot-tashviqot tadbiri bo'lib o'tdi.

Mirobod tumanining 110- sonli umumta'lim maktabi katta faollar zalida tashkil etilgan ushbu tadbirga Toshkent shahar IIBB Jinoyat qidiruv boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari S.O.Quranboyev , Podpolkovnik Sh.S.Otamurodov, SSV huzuridagi farmatsevtika tarmog'ini rivojlantirish agentligi bo'lim boshlig'i U.B.Jumaniyozovlar hurmatli spikerlar sifatida taklif etildi.

Qolaversa, Toshkent farmatsevtika instituti O'quv ishlari bo'yicha prorektor Z.A.Yuldashev, Yoshlar bilan ishlash bo'yicha prorektor I.R.Sagatov hamda Toksikologik kimyo kafedrasi dotsenti D.A.Zulfiqoriyevalar tadbirda o'z ma'ruzalari bilan ishtirok etdilar.

Mutaxassislar talabalarni bugungi kunda giyohvandlik moddalari, psixotrop dori vositalari, kuchli ta'sir etuvchi moddalar bilan bog'liq jinoyatlar statistikasi bilan tanishtirib o'tdi. Toshkent shahri hududida 9 oy davomida ushbu tur jinoyatlari bo'yicha jami 1017 ta holat aniqlangan. Bularning, 646 tasi ushbu moddalarni saqlash, 43 tasi yetishtirish, 35 ta holat kontrabanda yo'li bilan, qolgan jinoyatlar yoshlar orasida targ'ibot, jalb qilish, dorixonalarda ro'yxatga olingan va alohida tartib asosida sotiladigan (pregabalin, lirika, tramadol...) dori vositalarining ruxsatnomasiz sotilishi holatlari yuzasidan aniqlangan. Ushbu jarayon mobaynida 114 kg sintetik va giyohvandlik moddalari daliliy ashyo sifatida yo'q qilingani ma'lum qilindi.

Tadbir so'ngida, talabalar o'zlarini qiziqtirgan barcha savollar yuzasidan mutaxassislar tomonidan kerakli javoblarni olishdi. Hamda, butun dunyoning global muammosi bo'lib qolayotgan ushbu illatga qarshi hamisha hushyor kurashish va bo'lajak mutaxassis, mas'ul shaxs sifatida sergaglikka chorlandi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish 
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech