O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Toshkentda “Sog‘liqni saqlash – TIHE 2021” 25- yubiley xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda

Kuni kecha “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazma majmuasida “Sog‘liqni saqlash – TIHE 2021” 25- yubiley xalqaro ko‘rgazmasi ochildi. Halqaro tadbir Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa qator vazirlik hamda tashkilotlar rasmiy ko‘magida o‘tkazilmoqda.

Bugungi kunda sog‘liqni saqlash butun dunyoda eng ilg‘or soha hisoblanadi. Hozir jahon hamjamiyati duch kelgan koronavirus pandemiyasi sabab tibbiyotga juda katta eʼtibor qaratilmoqda. Shuning uchun ham, hozirda sog‘liqni saqlash sohasiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalarni o‘tkazish har qachongidan ham muhimroqdir.

TIHE ko‘rgazmasi O‘zbekistonda tashkil qilingan birinchi xalqaro ko‘rgazma bo‘lib, bu yil o‘zining 25 yillik yubileyini nishonlaydi va pandemiya bilan bog‘liq uzoq tanaffusdan keyin tashkil qilingan birinchi professional xalqaro sanoat ko‘rgazmasiga aylanadi.

Anʼanaga ko‘ra, ko‘rgazma ilmiy va amaliy tibbiyot yutuqlarining eng katta namoyishidir. Unda ekspertlar va jahon sanoati peshqadamlari odatiy tarzda ishtirok etib, o‘zlarining so‘nggi texnologiyalari va innovatsiyalarini taqdim etmoqda. Ushbu ko‘rgazma ko‘p yillardan beri ishlab chiqaruvchilar va amaliyotchi mutaxassislar o‘rtasida kommunikatsion aloqalarni o‘rnatish uchun biznes-maydon vazifasini o‘tamoqda.

“Sog‘liqni saqlash – TIHE 2021” beshta asosiy tematik bo‘limdan iborat: tibbiy texnika va uskunalar; laboratoriya; farmatsevtika sanoati uchun uskunalar; tayyor dorivor preparatlar va stomatologiya.

Bu yilgi ko‘rgazmada Rossiya, Italiya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Chexiya, Belarus Respublikasi, Ukraina, Qozog‘iston kabi davlatlar qatori O‘zbekistonning mahalliy ishlab chiqaruvchilari ham o‘z mahsulotlarini taqdim etmoqdalar.

Jami 100 dan ortiq kompaniya va brendlar tibbiy texnika va asbob-uskunalar, medikamentlar, tibbiyot buyumlari, dorivor preparatlar hamda farmatsevtika sanoati uchun asbob-uskunalar va texnologiyalarni namoyish etishayapti.

Umuman olganda, xorijiy eksponentlar ko‘rgazma ishtirokchilarining umumiy sonining 51 foizini tashkil qiladi. Ko‘rgazmada xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan bir qatorda ekspozitsiyada 49 foiz ulushga ega bo‘lgan mahalliy kompaniyalar, shu jumladan, dunyodagi eng yirik ishlab chiqaruvchilarning distribyutorlari va tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchilarining hamkorlari ham ishtirok etmoqda.

Ko‘rgazma 2021 yil 11 iyungacha davom etadi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech