O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Universal dori vositasi – zanjabil haqida nimalar ma’lum?

Zanjabil (u sizga ruscha “imbir” nomi ila tanish) Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarida keltirilgan ko‘plab xastaliklarni davolashda qo‘llanadigan malhamlarni tarkibiga kiradi.

15 asrda yashab ijod etgan Yusuf Muhammad ibn Yusuf at-Tabib al-Xaraviy “Xayrli kishilarga foydalar” asarida zanjabil haqida ancha mukammal maʼlumot beradi:

Tomirsiz zanjabil bo‘lsa qo‘lingda,
Eski bo‘lmay, yangi bo‘lsa u biroq,
Qorinda yig‘ilgan yellarni haydar,
Yuz falaji sholga foydadir har choq,
Har kim undan har kun isteʼmol qilsa,
Quvvati oshadi shubhasiz, mutlaq.

Zanjabil ildizi tarkibida efir yog‘lari (1,5-3%) organik kislotalar (70% gacha), noyob aminokislotalar, C, A, D, B1, B2, B3, B4, B6, B12 vitaminlari, kaliy, fosfor, magniy, temir, mis mavjud.

Zanjabilli choy ichilganda undagi zanjabil va dolchin birikmasi jigarni himoyalab, tozalab turadi.

Agar o‘t pufagingizda tosh paydo bo‘lgan bo‘lsa, bu choydan muntazam ichib yuring, bu o‘t pufagingizni ham sog‘lomlashtiradi.

Zanjabilli qaynoq choy qizdiradi va sovuqdan himoya qiladi, immunitetni mustahkamlaydi, viruslarga qarshi kurashda muhim ahamiyatga ega. Bu choy yana ichki aʼzolardagi shamollashlarni oladi, qorin dam bo‘lishidan hamda yeldan xalos etadi, ovqat hazmini yengillashtiradi.

Zanjabilli choy tayyorlash

Qirg‘ichdan yangi chiqarilgan 3 choy qoshiq zanjabil ildizi 100 ml. suv yoki sutga solinib, qopqog‘i zich yopilgan emalli idishda past olovda 10 daqiqa qaynatiladi. So‘ng 5-10 daqiqa dimlab qo‘yiladi hamda asal va limon qo‘shib issig‘ida ichiladi.

Zanjabilli choyga qarshi ko‘rsatmalar

Ovqat hazm qilish aʼzolarida muammosi borlar, homilador ayollar, bolalar va kuchli antikoagulyant dorilar qatoriga kiruvchi aspirin, varforin, tiklopidin yoki geparin kabi dori-darmonlar ichib yuruvchi kishilarga tavsiya etilmaydi.
Zanjabilni ichishdan oldin shubha tug‘ilsa, davolovchi shifokor bilan maslahatlashish lozim.

Xolida OCHILOVA, Oliy toifali shifokor-endoskopist.
«Sog‘lom avlod» gazetasi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech