O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

O‘zbekiston Respublikasining farmatsevtika sohasining 2021 yil I chorak davridagi natijalari to‘g‘risida maʼlumot

“2019 - 2021 yillarda respublikaning farmatsevtika tarmog‘ini yana-da jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5707 - sonli Farmoni bilan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining vazifalari takomillashtirildi. Farmon hamda Agentlik to‘g‘risidagi nizomga asosan Agentlikning vazifalari etib quyidagilar belgilangan:

- farmatsevtika tarmog‘ini, jumladan, uni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish yo‘li bilan barqaror rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- farmatsevtika bozori konyukturasini o‘rganishni tashkillashtirish, aholi va sog‘liqni saqlash muassasalarining farmatsevtika mahsulotlari bilan taʼminlanganlik holatini tizimli tahlil qilish va uning asosida ichki bozorni yana-da to‘ldirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
- tarmoq korxonalariga yetakchi xorijiy farmatsevtika korxonalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda farmatsevtika mahsulotlarining ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh, yuqori sifatli yangi turlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirishda ko‘maklashish;
- farmatsevtika tarmog‘ini, shu jumladan, farmatsevtika mahsulotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish, texnik jihatdan tartibga solish, shuningdek, farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash (dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana sotish bundan mustasno) yo‘li bilan davlat tomonidan boshqarish;
- farmatsevtika tarmog‘iga ilg‘or xorijiy amaliyot va xalqaro standartlarni tatbiq etish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish;
- import qilinayotgan va respublika hududida ishlab chiqarilayotgan farmatsevtika mahsulotlari to‘g‘risida to‘liq axborot yig‘ishni taʼminlovchi Farmatsevtika mahsulotlari harakatini nazorat qilish va hisobga olish axborot tizimini joriy qilishda ishtirok etish.

 Farmatsevtika bozori to‘g‘risida maʼlumot

Jahon farmatsevtika bozoriga  zamonaviy jahon iqtisodiyotining turli omillarining murakkab taʼsiri o‘rganish va uning rivojlanish istiqbollarini tahlil qilishni murakkablashtiradi. Ushbu bozor doimiy ravishda turli davlatlarda sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar, aholi daromadlari va turmush darajasi, zamonaviy dunyodagi demografik va epidemiologik vaziyatga bog‘liq. Kasallikning ko‘payishi, dunyoning turli mintaqalarida turli xil epidemiyalarning kuchayishi, so‘nggi yillarda ko‘plab yangi kasalliklarning paydo bo‘lishi, shuningdek keskin ijtimoiy-siyosiy vaziyat global farmatsevtika bozorida rivojlanish tendensiyalari va istiqbollarini o‘rganish dolzarbligini oshiradi.

Farmatsevtika sohasida ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining yuqori ijtimoiy ahamiyati, farmatsevtika ishlab chiqarishining ilmiy intensivligi, sohani qatʼiy davlat tomonidan tartibga solinishi va uning sarmoyaviy jozibadorligi tufayli mamlakat milliy iqtisodiyotida alohida o‘rin tutadi. Shunga qaramay, mamlakatimizdagi farmatsevtika sanoatining hozirgi holati dori vositalarini ishlab chiqish, chiqarish va targ‘ib qilish jarayonining beqarorligi va milliy sog‘liqni saqlashning rivojlanishini taʼminlash yetarli emasligidan dalolat beradi.

Hozirgi vaqtda jahon farmatsevtika bozorida rivojlanayotgan mamlakatlar hukmronlik qilmoqda, ammo rivojlangan mamlakatlarning raqobati va pozitsiyalari ancha yuqori bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston farmatsevtika bozorining hozirgi bosqichida hali ham realizatsiyaning umumiy hajmida import qilinadigan dori vositalarning sezilarli darajada ustunligi kuzatilmoqda. Shu sababli import o‘rnini bosish muammosi shu qadar keskin va muximki, so‘nggi yillarda xukumat mamlakatning dori xavfsizligini taʼminlash sohasida ham, jahon farmatsevtika bozorida mahalliy kompaniyalarning raqobatbardoshligini oshirish strategiyasini ishlab chiqishda ham qabul qilingan 50 ga yakin normativ hujjatlar bu harakatlarning isbotidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 30.12.2019 yildagi PQ-4554-sonli “O‘zbekiston Respublikasi farmatsevtika tarmog‘ida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorida so‘nggi yillarda dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar muomalasi tizimini yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilganligi, mahalliy farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilganligi, lekin shu bilan birga, mahalliy farmatsevtika tarmog‘i aholi va davolash-profilaktika muassasalarining farmatsevtika mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini yetarli darajada qanoatlantirmaganligi ko‘rsatib etilgan.

Mazkur Qarori bilan 2020-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangan bulib, unda quyidagilar ko‘zda tutilgan:

- ilg‘or ilmiy tajriba va zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda ishlab chiqariladigan farmatsevtika mahsulotlarining turlarini kengaytirish, shuningdek, innovatsion farmatsevtika mahsulotlarini yaratish va ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, zamonaviy obyektlarni ishga tushirish hamda mavjud obyektlarning moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish va mustahkamlash orqali farmatsevtika sanoatini rivojlantirish;
- tashkilotlar va korxonalarning farmatsevtika mahsulotlarini yaratish va ishlab chiqarish bo‘yicha xalqaro talablar bilan uyg‘unlashtirilgan standartlar meʼyorlariga muvofiqligini taʼminlash orqali mahalliy farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish;
- farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy raqobatbardosh ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun, shu jumladan xorijiy farmatsevtika korxonalarining investitsiyalari va ilg‘or texnologiyalarini jalb etish;
- keyinchalik dori vositalari ishlab chiqarish uchun dorivor o‘simliklar xomashyosi asosida substansiyalar ishlab chiqarishni tashkil etish va mahalliylashtirish;
- faoliyat ko‘rsatayotgan ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash, ko‘paytirish va yangi turdagi dori vositalarini o‘zlashtirish hisobiga, shuningdek, investitsiyalarni jalb qilish orqali farmatsevtika mahsulotlari importini qisqartirish;
- mahalliy korxonalarda "Zarur ishlab chiqarish amaliyoti" (GMP), "Zarur farmnazorat amaliyoti" (GVP), shuningdek, distribyutorlik faoliyatida sifat va xavfsizlik tizimini boshqarish (GDP), klinik oldi (GLP) va klinik tadqiqotlarni o‘tkazishni (GCP) tartibga solishga qaratilgan amaliyotlarni bosqichma bosqich joriy etish;
- narxlarni shakllantirish mexanizmlarini takomillashtirish, farmatsevtika mahsulotlarini markirovkalash va kuzatish tizimlarini joriy etish;
- zamonaviy xalqaro talablarga muvofiq farmatsevtika mahsulotlarini yaratish, ishlab chiqarish va sifatini nazorat qilish sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish orqali milliy regulyator organ salohiyatini mustahkamlash;
- ilg‘or xorijiy tajriba asosida respublikaning farmatsevtika tarmog‘i uchun, shu jumladan dori preparatlarining biotexnologiyasi, dori moddalarining kimyoviy texnologiyasi, tayyor dori vositalari va fitopreparatlar texnologiyasi, farmatsiya iqtisodiyoti va uni boshqarish, farmatsevtik kimyo va mikrobiologiya kabi muhim sohalarda kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni taʼminlash;
- taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarishni chuqur integratsiyalash orqali ishlab chiqarish, sertifikatlash va standartlashtirish, farmatsevtika mahsulotlarining klinik oldi va klinik tadqiqotlari bo‘yicha yangi texnologiyalarni ishlab chiqish va moslashtirishga qaratilgan fundamental, ilmiy-amaliy va innovatsion tadqiqotlar samaradorligini tubdan oshirish;
- original dori vositalarini, shuningdek, talab yuqori bo‘lgan original dori vositalari negizida generik dori preparatlarini (generiklarni) ishlab chiqishga mo‘ljallangan zamonaviy o‘quv laboratoriya va ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etish.

O‘zbekiston farmatsevtika bozori 2020 yil yakuniga ko‘ra xajmi o‘rtacha 1,4 mlrd. dollarni tashkil etadi.

2021 yil I choragida mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan 352,2 mln. qadoq qiymati 670,5 mlrd. so‘mlik farmatsevtika mahsulotlari (shu jumladan dori vositalari 109,1 mln. qadoq, 521,7 mlrd. so‘m) ishlab chiqilgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davrga nisbatan 111,1 foizga (miqdori) va 109,7 foizga (qiymati) o‘sgan, shu jumladan dori vositalar 14,65 foizga (miqdori) va 0,62 foizga (qiymati) pasaygan.

2021 yil yanvar-mart oyida respublika hududiga dori import qilingan mahsulotlari hajmi 283 mln. dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 100 mln. dollarga yoki 54 foizga oshgan.

2021 yilning yanvar-mart oylari yakuniga ko‘ra farmatsevtika korxonalarining eksport hajmi 12,9 mln. AQSH dollarni tashkil etib reja 144,0 foizga bajarildi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,0 mln. dollarga yoki 68 foizga o‘sgan.

2021 yilda I chorak oylarida 23 ta farmatsevtika korxonalari tomonidan jami 16 ta xorijiy mamlakatlariga dori vositalari va tibbiy buyumlar eksportini amalga oshirildi.

Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish ularni ishlab chiqarishni hamda ularning sifatini nazorat qilishni tashkil etish qoidalariga muvofiq seriyali ishlab chiqarishdan iborat bo‘lib, u to‘liq texnologik sikl bo‘yicha yoki uning alohida bosqichlari bo‘yicha ishlab chiqarishni o‘z ichiga oladi.

2021 yil I chorak davomida litsenziyalash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish yuzasidan jami 261 ta kelib tushgan bo‘lib, ushbu arizalar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi taʼminlanib,ular yuzasidan litsenziyalovchi organning 25 ta qarorlari qabul qilindi. Jami 142 ta arizalar qanoatlantirilib, shulardan:

litsenziya berilganlar soni -92 ta, amal qilish muddatini uzaytirib berilganlar soni – 6 ta, litsenziyalari qayta rasmiylashtirib berilganlar soni – 20 ta, yangi litsenziya bitimi tuzilganlar soni -22 ta, litsenziyalarini amal qilish muddati tugatilganlar soni - 2 tani tashkil etdi. Jami -136 ta arizalar bo‘yicha arizalarni rad etish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.

2021 yil yanvar-aprel oylarida farmatsevtika faolitiga berilgan litsenziya faoliyati turlari dori vositalarini ishlab chiqarish uchun berilgan litsenziyalar soni 9, dori vositalari ulgurji realizatsiyasi qilish uchun berilgan litsenziyalar soni 64, dori vositalarini tayyorlash uchun berilgan litsenziyalar soni 28 tani tashkil etdi..

Hozirgi kunda O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi 220 ta mahalliy korxonalar faoliyat yuritmoqda. Ulardan:

101 tasi dori vositalari
29 tasi tibbiy texnika;
82 tasi tibbiy buyumlar;
8 tasi dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Qonun talabi asosida dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ulgurji realizatsiya qilish farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchilar hamda dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ulgurji realizatsiya qiluvchi tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ulgurji realizatsiya qilish hamda saqlash qoidalari bo‘yicha amalga oshirilishi belgilangan.

Shunindek dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faqat dorixonalar hamda ularning filiallari tomonidan amalga oshirilishi eʼtirof etilgan.

Farmatsevtik bozorida 669 ta ulgurji realizatsiya bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar va 13 957 ta dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyati bilan shug‘illanuvchi dorixonalar va ularning filiallari mavjud.

Dori vositalarining, tibbiy buyumlarning va tibbiy texnikaning tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga, qoida tariqasida, ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin ruxsat etiladi, hamda ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

2021 yil I chorak yakuniga davomida 220 ta farmatsevtika korxonalari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan mahsulotlar soni 220 tani tashkil etadi, jumladan:

200 nomdagi dori vositalari,
13 nomdagi tibbiy buyumlar,
7 nomdagi tibbiy texnika mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.

220 ta farmatsevtika korxonasidan 55 tasida (25%) xalqaro va milliy standartlar joriy qilingan, jumladan 34 ta korxonada ISO 9001:2008, 7 ta korxonada ISO 13485 xalqaro standarti, 12 ta korxonada O‘zbekiston davlat standarti va 4 ta korxonada boshqa davlatlar “GMP - Zarur ishlab chiqarish amaliyoti” standarti joriy qilingan.

2019 yil 10 aprelda tasdiklangan  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2019-2021 yillarda respublikaning farmatsevtika tarmog‘ini yana-da jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”  PF-5707 son Farmoni asosida 2022 yilning 1 yanvariga qadar:

- farmatsevtika mahsulotlarining klinik-oldi tadqiqotlarini amalga oshiruvchi barcha laboratoriyalar Zarur laboratoriya amaliyoti (GLP) milliy talablariga muvofiq majburiy sertifikatlashtirilishi lozim;
- O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining klinik tadqiqotlar o‘tkazuvchibarcha klinik bazalari Zarur klinika amaliyoti (GCP) milliy talablariga muvofiq majburiy sertifikatlashtirilishi lozim;
- farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi barcha mahalliy korxonalar Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP) milliy talablariga muvofiq majburiy sertifikatlashtirilishi lozim;

farmatsevtika mahsulotlarini ulgurji sotish bilan shug‘ullanuvchi barcha mahalliy korxonalar Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP) milliy talablariga muvofiq majburiy sertifikatlashtirilishi zarurligini belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 10 apreldagi PF-5707-son «2019—2021 yillarda respublikaning farmatsevtika tarmog‘ini yana-da jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 sentyabrdagi 788-sonli “Farmatsevtika sohasiga zarur amaliyotlar (GXP) talablarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorini ijro etish yuzasidan farmatsevtik faoliyat yuritayotgan korxonalardan jami 11 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, 2021 yilning aprelga kadar dori vositalari ishlab chiqaruvchi 2 ta korxonalarga GMP sertikati berildi.

10 ta dori vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalar  va 1 ta  ulgurji korxona sertifikatlashtirish jarayonida.

2021 yil I chorak yakuniga ko‘ra “Yaxshi distribyutorlik amaliyoti-GDP” bo‘yicha 85 ta, “Yaxshi ishlab chiqarish amaliyoti- GMP” standarti bo‘yicha 40 ta,  “Sifatni taʼminlashda xavflarni boshqarish-asosiy prinsiplari va ularning ishlab chiqaruvchilar tomonidan qo‘llanilishi” (USAID) standartlarini o‘zlashtirish bo‘yicha 43 ta soha mutaxassislari malakasini oshirdi.

Xorijiy davlatlar tashkilotlari va  kompaniyalari bilan 2021 yilning I choragi davomida 28 ta uchrashuv va videokonfiretsaloqalar tashkillashtirildi, 9 ta forum va ko‘rgazmalarda ishtirok etildi. Xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish maqsadida amalga oshirilgan ishlar natijasida 5 ta Bitim va Memorandumlar imzolandi.

Amalga oshirilgan va amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari to‘g‘risida maʼlumot

Aholini sifatli, samarali va xavfsiz farmatsevtika mahsulotlari bilan taʼminlashni yana-da yaxshilash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ishlab chiqarish hajmlarini, ilmiy-texnik va eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadga muvofik va juda muxim masala hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4937-sonli qaroriga farmatsevtika tarmog‘idagi umumiy qiymati
282,2 mln.  dollar bo‘lgan 25 ta investitsiya loyihari kiritilgan bo‘lib, ularning amalga oshirilish muddatlari 2021-2024 yillar qilib belgilangan. Shundan joriy yilda 98,0 mln. dollar investitsiyalarni, shu jumladan 22,4 mln. dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar hamda 10,0 mln. dollar davlat kafolati ostidagi xorijiy kredit mablag‘larini o‘zlashtirilishi belgilangan. 2021 yil yakuniga qadar umumiy qiymati 59,0 mln. dollar bo‘lgan 14 ta loyihalarni ishga tushirilishi hamda 655 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Investitsiya dasturiga asosan Agentlik tomonidan umumiy qiymati 279,5 mln. dollarlik 25 ta investitsiya loyihalari doirasida 2021 yilda 96,9 mln. dollar investitsiyalarni, shu jumladan 21,3 mln. dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar hamda 10,0 mln. dollar davlat kafolati ostidagi xorijiy kredit mablag‘larini o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu loyihalar doirasida 2021 yilning yanvar-mart  oylari yakuniga ko‘ra jami 13,2 mln. dollar (shu jumladan 4,4 mln. dollar xorijiy investitsiya va kreditlar) investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirildi hamda belgilangan hisobot davridagi reja 157,5 foizga bajarildi.

“Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri.

Respublikamizda farmatsevtika sanoatni samarali rivojlantirish yo‘nalishlaridan biri maxsus iqtisodiy zonalari hisoblanadi.  Iqtisodiy zonalar davlat tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni real qo‘llab-quvvatlash va ularni rivojlantirishni yangi yuqori bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xom ashyodan tortib to tayyor dori vositalari ishlab chiqarish va sotishgacha bo‘lgan jarayonlarni amalga oshiradigan farmatsevtik korxonalarni, ilmiy-tadqiqot va o‘quv komponentlarni kompakt bir hududda yani farmatsevtik klasterda joylashishi xarajatlarni kamayishiga, dori vositalarini innovatsion jarayonlarni rivojlantirishga zamin yaratadi va sinergetik samara olishga imkon yaratadi.

Klasterda oliy farmatsevtika taʼlim muassasasi, klasterga xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar paydo bo‘ladi. Farmatsevtik klasterni shakllantirish bo‘yicha xalqaro tajribaga ko‘ra, boshida bir necha yirik farmatsevtika korxonadan iborat sanoat zonasi tashkil etiladi. Bu esa maʼlum darajada infratuzilma elementlari va boshqa yordamchi ishlab chiqarishlar barpo etilishiga sabab bo‘ladi.

Farmatsevtik klasterni barpo etishning xorij tajribalaridan kelib chiqib aytish mumkinki, sanoat zonalarda farmatsevtik klasterni tashkil etish quyidagi shartlarning bajarilishini talab etadi:

- kooperatsion aloqaga ega va intensiv rivojlanishdan manfaatdor farmatsevtik korxonalar mavjudligi.
- tor ixtisoslashuvga ega va autsorsing bo‘yicha ayrim ishlarni qabul qilish imkoniyatiga ega kichik biznes mavjudligi.
- hududda farmatsevtikadagi ilmiy baza va maʼlum malakaga ega ishchi kuchini va boshqa ishlab chiqarish resurslari mavjudligi.
- innovatsion ishlab chiqarish infratuzulmasi:
- biznes-inkubator, farmatsevtik klasterni rivojlantirish markazi. strategik rivojlantirish rejasi mavjudligi.

Farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va ilmiy tekshirish institutlari hamkorligini yo‘lga qo‘yish orqali Zangiota tumanida zamonaviy texnoparkni tashkil qilishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 yanvardagi PQ-4574-son “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori tasdiqlandi. 

Qaror bilan «Tashkent Pharma Park» innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish konsepsiyasi tasdiqlandi.  «Tashkent Pharma Park» innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish konsepsiyasi mamlakatning farmatsevtika tarmog‘ida o‘quv, ilmiy-tadqiqot salohiyatini rivojlantirish tizimini shakllantirishga, eng yaxshi xorijiy o‘quv dasturlari asosida farmatsevtika sohasida kadrlarni o‘qitish va tayyorlashga, chuqur ilm talab qiladigan va yuqori texnologiyali yangi ishlab chiqarishlarni yaratishga qaratilgan.

Hududi: 50 gektardan iborat, umumiy qiymati 394,7 mln. doll. bo‘lgan 8 ta o‘quv-ilmiy va maʼmuriy obyektlar qurilishi va 6 ta investitsion loyihalar amalga oshirish orqali 2 730 dan ortiq yangi ish o‘rinlari hamda O‘rta Osiyoda yagona zamonaviy farmatsevtika klasteri tashkil etilmoqda.

Klaster ikkita asosiy yo‘nalishdan iborat:

  1. Klasterning akademik, ilmiy-tadiqot, klinik oldi va klinik tarkibiy qismlari joylashadigan texnopark yaratish.

  2. Yetakchi farmatsevtika kompaniyalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ishlab chiqaruvchi korxonalarning ishlab chiqarish maydonlari joylashadigan farmatsevtika sanoat zonasini yaratish.

Konsepsiyani amalga oshirishda quyidagi natijalar:

aholini farmatsevtika va unga yondosh sohalarda yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlash;
farmatsevtika tarmog‘ida tadqiqotlar va ishlanmalarni yana-da rivojlantirish uchun ilg‘or ilmiy-texnik bazaning faoliyat olib borishi;
ilm-fan va taʼlimni milliy innovatsion tizimning kadrlar taʼminoti sifatida integratsiyalash;
Klaster hududida chuqur ilm talab qiladigan va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarning faoliyat olib borishi;
farmatsevtika sohasida birinchi «ilm shaharchasi» ning shakllanishi kutilmoqda.

2021 yil I chorakda: klaster hududida sanoat zonasi tashkillashtirilib, jami 131,5 mln. AQSH dollariga teng ta investitsion loyihalar jalb qilinmoqda.

Joriy yilning yanvar-mart oylarida Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 51.7 milliard so‘m o‘zlashtirildi.

Shuningdek, Buyuk Britaniyaning Sanderlend, De Montfort va Dandi universitetlari bilan tajriba almashish yo‘lga qo‘yildi.
Klaster hududidagi farmatsevtika texnik universitetining kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida 2021 yil fevral oyida 3 nafar konkurs asosida tanlab olingan iqtidorli kadrlar Buyuk Britaniyaning De Montfort  universitetida magistratura yo‘nalishlarida malaka oshirish uchun Buyuk Britaniyaga yuborildi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi
Axborot-tahlil boshqarmasi

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech