O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Jamoatchilik muloqoti: narkotik va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasi muammolari

“Yuksalish” UMH va O‘zEOAVMA tomonidan tashkil etilgan navbatdagi jamoatchilik muloqoti doirasida O‘zbekistonda narkotik vositalari hamda psixofaol preparatlar tarqalishining huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ruhiy jihatlari muhokama qilindi, “dorixona narkomaniyasi”ning global dunyo tendensilari, tizimli muammolari, o‘sish faktorlari ko‘rib chiqildi.

Narkotik va psixotrop moddalarining noqonuniy savdosiga qarshi kurashish bilan bog‘liq bugungi kundagi vaziyat tashvishli bo‘lib qolmoqda. “Dorixona narkomaniyasi”, giyohvand moddalarining internet savdosi, psixotrop moddalarning yangi turlarining paydo bo‘layotganligi bu borada vaziyat naqadar tahlikali tus olayotganligini anglatadi. Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burhonov 1 iyul kuni bo‘lib o‘tgan jamoatchilik muloqotida aytib o‘tdi.

“Achinarlisi, giyohvand moddalar savdosining yangi ko‘rinishlari paydo bo‘layotganligi, ishlab chiqarishning noanʼanaviy yo‘llariga o‘tilayotganligidir”, dedi Akmal Burhonov.

Bu mavzuga Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Davlat markazining Narkotiklar nazorati qo‘mitasi raisi Ismatjon Azizov ham to‘xtalar ekan, jumladan, shunday dedi:

— Dorixonalar tadbirkorlik subyekti hisoblangani uchun ular faoliyatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazorat qilish bo‘yicha qonunchilikda cheklovlar mavjud. Lekin buni qayta ko‘rib chiqish kerak, deb o‘ylayman, — deydi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi davlat markazining Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi raisi Ismatjon Azizov. — Chunki O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy faoliyat turlari umumdavlat klassifikatorida dorixonalarni – “Ixtisoslashgan do‘konlarda farmatsevtika tovarlari chakana savdosi” deb belgilangan, bu — esa noto‘g‘ri. Dorixonalar savdo do‘koni emas, tibbiyot muassasasi bo‘lishi, unda mutaxassislar ishlashi va rahbarlik qilishi lozim.

Shohida QOSIMOVA, “ Istiqbolli avlod” respublika ijtimoiy-axborot markazi raisi o‘rinbosari:

— Tashkilotimiz tomonidan tashkil etiladigan har bir tadbirlarimizda “narkodorixona”lar masalasi o‘rtaga tashlanadi. Ishtirokchi yoshlarda “psixotrop dori vositalarning 2-3 xilini bir-biriga qo‘shib, qabul qilsa, qanday bo‘ladi?” degan savollar paydo bo‘ladi. Bundan aytish mumkinki, yoshlar orasida shunday qilish holatlari bor.

Toshkent shahridagi 14-18 yoshgacha bo‘lgan ijtimoiy zaif guruhga mansub bo‘lgan qizlar o‘rtasida bir loyihani amalga oshirgan edik. Xulqi og‘ir qizlar orasida 4 nafar narkotik yoki psixotrop moddalarni isteʼmol qiluvchilar aniqlandi. 17-18 yoshli qizlardan bu ishga qachon qo‘l urgani haqida so‘raganimizda, 14-15 yoshimdan deya javob berishdi. Ular psixofaol tabletkalarni avvaliga kuniga 1 yo 2 tadan qabul qilishganini, hozirda esa kuniga 40 tadan ichishayotganini aytishdi. Davolanishlariga esa oilaviy sharoitlari yo‘q. Afsuski, davlat miqyosida ham bunday qizlarga yordam beradigan tizim mavjud emas.

Shuhrat G‘ULOMOV, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi bo‘lim boshlig‘i:

— Tan olish kerak, butun dunyo hamjamiyatida giyohvandlik, narko jinoyat bilan bog‘liq muammolar juda ko‘p. Bu muammolarga duch kelmagan davlat ham bo‘lmasa kerak — baʼzilari yetishtirsa, baʼzilari yetkazib beradi. O‘zbekiston Afg‘oniston bilan bevosita chegaradosh ekanligi, qo‘shni mamlakatda giyohvand moddalar ishlab chiqarilishi to‘xtamayotgani salbiy taʼsir ko‘rsatmay qolmayapti. BMT maʼlumotlariga ko‘ra, 2017 yilda Afg‘onistonda rekord darajada, yaʼni 9 000 tonna opiy yetishtirilgan. Ularning asosiy qismi tranzit yo‘llar orqali, jumladan O‘zbekistondan ham olib o‘tilgan. Bu esa tranzit davlatlarga tashvish keltirgan.

2019 yil yakunida respublikamizda 5 mingdan ortiq narkotik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilgan. 1 tonna 200 kg atrofida narkotik vositalar musodara qilingan. Narko dispanserda hisobda turganlar esa 5 698 nafarni tashkil etgan.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech