O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Vaksina sinovlarida qatnashadigan o‘zbekistonlik ko‘ngillilarga pul to‘lanishi mumkin

Uchinchi bosqich klinik sinovlari O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Xitoy vaksinasi bilan birinchi navbatda ushbu kasallikka chalinmagan insonlar emlanadi. Bu haqda Koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi Barno Odilova maʼlum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Innovatsion rivojlanish vazirligi Xitoy Fanlar Akademiyasi bilan Anhui ZhifeiLongcom Biopharmaceutical tomonidan ishlab chiqarilgan vaksinaning uchinchi bosqich klinik sinovlarini O‘zbekistonda o‘tkazilishi maʼlum qilingan edi.

Unga ko‘ra, sinov 18 va undan katta yoshdagi ko‘ngillilarda o‘tkaziladi va sinov boshlanishidan oldin XXR vakillari emlash shartlarini tushuntirish uchun bir nechta treninglar tashkillashtiriladi.

Koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi Barno Odilovaning maʼlum qilishicha, kimlar birinchi galda vaksina qilinishi tartibini Respublika maxsus komissiyasi tasdiqlab bergan.

“Har bir mamlakatda birinchi navbatda kimlarni vaksina qilish tartibi tasdiqlangan. Koronavirusga qarshi vaksina bilan barcha aholini emlash zarur. Birinchi navbatda bu kasallikka chalinmagan insonlar emlanadi. Chunki kasallangan insonlarda immunitet mavjud. Immuniteti bor insonni emlashga hojat bo‘lmaydi”, – dedi Barno Odilova.

Xitoydan olib kelinadigan vaksina avval ko‘ngillilarda sinab ko‘riladi.

“Agar ko‘ngillilar orasida biror kishida asoratlar yoki nojo‘ya taʼsir kuzatilsa, o‘sha ko‘ngilli shaxs bepul davolanadi. Shuningdek, ko‘ngillilar ishtiroki uchun pul mablag‘i berilishi ham mumkin”, – deya qo‘shimcha qildi u.

Avvalroq Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibroxim Abdurahmonov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida Xitoy vaksinasining xavfsizlik darajasi shunga o‘xshash boshqa vaksinalarga qaraganda ancha yuqori ekanligini taʼkidlab o‘tgan edi.

Vazir, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan o‘zbeklar vaksinalarni tekshirishda “tajriba quyonchalari bo‘lmasligi kerak, degan fikrlarga nisbatan:

“Bu vaksina bo‘lsa yoki boshqa vaksina bo‘lsa ham, aholimizga qo‘llashdan oldin biz buni tekshirishimiz kerak”, — deya o‘z munosabatini bildirgan. Ibrohim Abdurahmonov mutaxassis sifatida ushbu vaksinani sinchkovlik bilan o‘rganib chiqqanligini va hatto uni oila aʼzolariga ham tavsiya qilganini qo‘shimcha qilgan.

Sentyabr oyida sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari, Sanitariya-epidemiologiya va aholi salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev Xitoy vaksinasi sinovidan so‘ng O‘zbekistonda ushbu vaksinani ishlab chiqarish va qo‘shni mamlakatlarga ham eksport qilish haqida aytib o‘tgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Rossiya kompaniyalariga ham qo‘shma sinovlar o‘tkazishni taklif qilgan.

“Bugungi kunda biz ularning javoblarini kutyapmiz. O‘ylaymanki, ular bilan ham bir vaqtda ishlaymiz”, — deya taʼkidlagan vazir o‘rinbosari.

Maʼlumot uchun O‘zbekiston Rossiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasiga besh ming doza “Sputnik V” vaksinasini ajratishni so‘rab murojaat qilgani haqida xabar berilgandi. Bunda jamg‘arma Laxisam kompaniyasi bilan O‘zbekistonga mazkur vaksinadan 35 million doza yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishilganini maʼlum qilgan.

Avvalroq O‘zbekiston COVID-19 vaksinasi klinik sinovlarining barcha bosqichi yakunlanmagunicha uni sotib olmasligi maʼlum qilingandi. Avgust oyi boshlarida Shavkat Mirziyoyev koronavirusga qarshi vaksinani xarid qilish masalasini o‘rganishga bir hafta muddat bergandi. Prezident topshirig‘iga binoan vaksinani xarid qilish va mamlakat aholisini emlashni amalga oshirish yo‘llarini o‘rganib chiqish maqsadida yetakchi olimlar va tajribali shifokorlardan iborat ishchi guruh tuzilgan.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech