O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Xorazmda o‘z xonadonida noqonuniy tarzda dorixona ochganlar qo‘lga tushdi

 

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Xorazm viloyat boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari tomonidan dorixonalarda narxlarning barqarorligini taʼminlash borasida o‘tkazilayotgan tushuntirish targ‘ibot tadbirlari muntazam o‘tkazilib, tezkor tadbirlar orqali noqonuniy dori savdosi bilan bog‘liq noqonuniy harakatlar fosh etilmoqda.

Ayni kunda Xorazm viloyatida 766 ta dorixona mavjud bo‘lib, ularning 10 dan ortig‘i ulgurji savdoga yo‘naltirilgan. Urganch shahrida joylashgan ulgurji savdoga ixtisoslashgan dorixonalarda koronavirusni statsionar va uy sharoitida davolash hamda profilaktikani amalga oshirish maqsadida 2 ming turdan ortiq dori darmon, antiseptik vositalar, tibbiy niqob va qo‘lqoplar ulgurji narxlarda 500 dan ortiq dorixonalarga yetkazilmoqda. Ushbu jamiyatda asosan virusni oldini oluvchi, aholining ehtiyoji katta bo‘lgan zarur preparatlar mavjud bo‘lib, ularni chekka hududlarida joylashgan dorixonalarga, ko‘chma xamda ijtimoiy dorixonalarga ham yetkazib berishga xizmati yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bu borada Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Xorazm viloyat boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari xodimlari tomonidan kundalik nazorat tadbirlari, profilaktik suhbatlar tashkil etilmoqda. Unda asosiy eʼtibor pandemiya davrida dori darmon vositalarining uzluksizligini taʼminlashga hamda narxlarni asossiz oshib ketishini oldini olishga, noqonuniy dori darmon savdosiga chek qo‘yishga qaratilmoqda.

Shuningdek, Urganch shahrida joylashgan “Abbosbek” dorixonasi ham ulgurji va chakana savdoga yo‘naltirilgan. Bu yerda virusni oldini oluvchi dori darmon vositalari, tibbiy qo‘lqop, niqob va antiseptik vositalar ulgurji narxlarda sotilmoqda. Dori vositalarining omborxonalarda saqlanish tartibi, sifati, yaroqlilik muddati, yetkazish xizmati hamda narxlari belgilangan tartib asosida tashkil etilgan.

Ming afsuski, pandemiya davrida ayrim noinsof kimsalar aholi uchun yaratilgan bu kabi sharoitlardan noqonuniy yo‘l orqali foydalanib, mo‘may daromad topishga harakat qilmoqda. Bu borada Bosh prokuratura huzuridagi departamentining viloyat boshqarmasi va hududiy bo‘lim xodimlari tomonidan bir nechta tezkor tadbir o‘tkazilib, ana shunday noqonuniy harakatlarga chek qo‘yilmoqda.

Xususan, joriy yilning o‘tgan bir oyi davomida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Xorazm viloyat boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida 6 tumanda dori-darmon va tibbiy buyumlar savdosi bilan bog‘liq noqonuniy harakatlar fosh etildi. Masalan,Urganch tumanida yashovchi fuqaro A.S. o‘z xonadonida hech qanday hujjatlarsiz analgin, dimedrol, senepar kabi 23 turdagi 103 dona dori vositalarini hamda Gurlan tumanida yashovchi fuqaro R.J. ham o‘z xonadonida noqonuniy savdo orqali 134 turdagi dori vositalarini sotib kelayotganligi aniqlandi.

Shuningdek, Departamentning Hazorasp va Tuproqqalʼa tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Xazorasp tumani Amudaryo mahallasida yashovchi fuqaro L.I. o‘zining yashash xonadonida hech qanday hujjatlarsiz noqonuniy ravishda 12 turdan ortiq dori-darmon vositalarini sotib kelayotganligi aniqlandi. Noqonuniy savdoga mo‘ljallangan barcha dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Yana bir misol, departamentning Yangibozor tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir shu tumanda 22 yoshli yigit A.K. ham hech qanday rasmiy hujjatlarsiz o‘z xonadonida qonunga zid ravishda 20 turga yaqin dori sotib kelayotganligi aniqlandi. Tadbir davomida noqonuniy muomalaga kiritishga mo‘ljallangan 16 turdagi jami 1 mln 400 ming so‘mlik import dori vositlari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Xalq boshiga ish tushganda qo‘ldan kelgancha yordam berish o‘rniga qiyin vaziyatni qulay fursat deb bilgan Xonqalik yigit S.R.ning ham noqonuniy chayqovchilik harakatlari fosh etildi. Departamentining Xonqa tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro S.R. o‘z xonadonida 12 turdagi dori darmon va antiseptik vositalarni hech qanday hujjatlarsiz sotayotganligi aniqladi. Barcha preparat va tibbiy vositalar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.

Hozirda dori-darmon va tibbiy buyumlar savdosi bilan bog‘liq bo‘lgan mazkur noqonuniy harakatlar yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlarni tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

G‘ayratjon SULTONOV
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga
qarshi kurashish Departamentining
Xorazm viloyat boshqarmasi boshlig‘i
adliya maslahatchisi
 
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech