O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Yangi farmatsevtika texnik universitetida taʼlim jarayoni 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi

Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterida Farmatsevtika texnik universiteti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 yanvardagi “2022-2026 yillarda respublikaning farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-55-sonli Farmoni va 2020 yil 28 yanvardagi “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chikarish farmatsevtika klasterini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-4574-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida qabul qilingan bo‘lib,  farmatsevtika sanoati uchun xalqaro standartlar va milliy anʼanalar uyg‘unligida yuqori malakali, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mustaqil fikrlaydigan, vatanparvar kadrlarni tayyorlash hamda farmatsevtika sohasida xalqaro xamkorlikni yana-da kengaytirishga qaratilgan.

Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 yanvardagi “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish to‘g‘risida”gi PK-4574-son karoriga muvofiq,  Toshkent viloyati Zangiota tumanida “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri barpo etish ishlari jadal amalga oshirilmoqda.

Ushbu majmuada o‘z infratuzilmasiga ega bo‘lgan Farmatsevtika texnik universiteti, ilmiy-tadqiqot markazlari va laboratoriyalar, o‘quv-ilmiy laboratoriyalari va vivariylar, farmakopeya markazi, mehmonxonaga ega simpoziumlar markazi, talabalar, o‘qituvchilar va chet ellik xodimlar uchun turar joy, sport-sog‘lomlashtirish majmuasi, suv havzasi va stadion, hamda innovatsion dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ishlab chiqarish maydonlaridan iborat sanoat zonasi yaratiladi.

Xususan,  Farmatsevtika texnik universitetida dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ishlab chikarish, kosmetologiya, tarmoq va biznesni boshqarish sohalarida xalqaro taʼlim standartlariga muvofiq malakali kadrlar tayyorlash rejalashtirilgan. Oliygohda, shuningdek, farmatsevtika tarmog‘ida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan innovatsion va samarali taʼlim dasturlari va o‘qitish shakllarini joriy etish; taʼlim va fanning uzluksizligi va uzviyligi, shuningdek, ularning jahon taʼlimi va ilmiy hamjamiyatga integratsiyalashuvi hisobiga mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish; farmatsevtika taʼlimi, fan va ishlab chiqarishning yaqin integratsiyasi uchun shart-sharoitlar yaratish; farmatsiya, biotexnologiya, biofarmatsiya, farmatsevtika tarmog‘i uchun dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar ishlab chiqarish hamda ularni qo‘llash sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish; xorijiy mamlakatlarning yetakchi taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va ishbilarmon doiralari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash nazarda tutilgan.

Taʼkidlash joizki, klasterning o‘quv qismini yaratish bo‘yicha loyihani moliyalashtirish uchun Koreya Eksimbankining Iqtisodiy rivojlantirish va hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) O‘zbekistonga 40 yil muddatga 10 yillik imtiyozli davr bilan $83,7 mln miqdorida kredit taqdim etdi.

Vazirlar Mahkamasining 263-sonli qarori bilan Farmatsevtika texnik universiteti O‘zbekiston Respublikasi farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi muassisligidagi davlat oliy taʼlim muassasasi etib belgilandi hamda uning faoliyati Agentlik tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Ushbu hujjatga binoan, universitetda taʼlim jarayoni 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi hamda bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul qilish shartlari, taʼlim olish shakli va taʼlim tili hamkor universitetlar bilan kelishgan holda aniqlanadi.

Oliygohda taʼlim berish Agentlik granti va to‘lov-kontrakt asosida hamkor universitetlarning o‘quv dasturlarini davlat taʼlim standartlari talablariga muvofiqlashtirgan xolda amalga oshiriladi. Agentlik granti miqdori har yili Agentlik tomonidan belgilanadi hamda Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Universitet faoliyati, o‘quv-uslubiy boshqaruvi, ilmiy-pedagogik xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash jarayonlari zamonaviy axborot texnologiyalari, fan va texnologiyalarning eng yangi yutuqlaridan foydalangan holda, kadrlar tayyorlashning umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy maʼlumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan hamkor universitetlarning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech