O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalarini sotgan dorixonaga chora ko‘rildi

Toshkent shahar farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘linmasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, Toshkent shahar Sergeli tumani, Sputnik 16-mavze 15-uy, 1-xonadon manzilida joylashgan "ZAMIN PHARM BIZNES" MCHJga qarashli dorixonada yaroqlilik muddati o‘tgan "ASS AKTIV" 600 mg poroshok dlya priyema vnutr dori vositasi sotilganligi shuningdek, 5 turdagi dori vositalariga respublika sertifikatlashtirish idoralari tomonidan muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmaganligi va qonunga hilof ravishda sotuvga qo‘yilganligi aniqlanib holislar ishtirokida bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Mazkur holat bo‘yicha Toshkent shahar farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘linmasining "ZAMIN PHARM BIZNES" MCHJga dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun 2019 yil 16 fevralda berilgan TS № 1352-raqamli litsenziyaning amal qilishini tugatishni so‘rab Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan daʼvo arizasi sudning 2022 yil 9 martdagi 4-1001-2219/5995-sonli hal qiluv qarori bilan qanoatlantirildi va "ZAMIN PHARM BIZNES" MCHJga dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun berilgan litsenziya bekor qilindi.

Maʼlumot uchun, “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizom”ga muvofiq, dori vositalari va tibbiy buyumlarni muvofiqlik sertifikatlarisiz saqlash va (yoki) realizatsiya qilish, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan, sifatsiz, qalbakilashtirilgan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini saqlash va (yoki) realizatsiya qilish, dori vositalari va tibbiy buyumlarning farmatsevtik maʼlumotga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan realizatsiya qilinishi, faoliyatni litsenziyada ko‘rsatilmagan manzilda amalga oshirilishi litsenziyaning amal qilishini tugatishga olib keladigan litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, qonun hujjatlari buzilishi, shu jumladan dori vositalari va tibbiyot buyumlarining narxini shakllantirish tartibi qo‘pol buzilganligi oqibatida litsenziyasi tugatilgan dorixonalar manzillari va qonun buzilishlariga bevosita aloqador xodimlar (provizorlar, farmatsevtlar)ning yagona reyestri bilan bu manzilda tanishishingiz mumkin.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech