O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

"Yevro Osio Med" MCHJga dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun berilgan litsenziya bekor qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatga qarshi kurashish departamenti Toshkent shahar Yunusobod tuman bo‘limi xodimlari va O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tezkor vakillari hamkorligida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasiga ko‘ra Toshkent shahar, Yunusobod tumanida joylashgan “Yevro osio med" MCHJga tegishli dorixonada qonunga xilof ravishda "Zardeks” (39 dona) va “Regapen” (17 dona) dori vositalari borligi aniqlanib, holislar ishtirokida bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Mazkur holat bo‘yicha Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Toshkent shahar xududiy bo‘linmasining "Yevro Osio Med" MCHJga dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun 2021 yil 25 fevralda berilgan TN №656-raqamli litsenziyaning amal qilishini tugatishni so‘rab Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan daʼvo arizasi sudning 2021 yil 21 oktyabr kunidagi 4-1001-2114/38588-sonli hal qiluv qarori bilan qanoatlantirildi va "Yevro Osio Med" MCHJga dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun berilgan litsenziya bekor qilindi.

Maʼlumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi 2016 yil 4 yanvardagi “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunining 23-moddasiga ko‘ra, sifatsiz, qalbakilashtirilgan, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini realizatsiya qilish maqsadida saqlash, tashish taʼqiqlanadi.

Shuningdek, “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishni litsenziyalash tartibi to‘g‘risida"gi nizom (ro‘yxat raqami 284-son 12.05.2017)ga asosan, dori vositalari va tibbiy buyumlarni muvofiqlik sertifikatlarisiz saqlash va (yoki) realizatsiya qilish - faoliyat uchun berilgan litsenziyaning amal qilishi belgilangan tartibda to‘xtatilishiga olib keladigan, litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanadi!

Mazkur nizomga muvofiq, Litsenziyalovchi organ qonun hujjatlari talablari buzilganligi, shu jumladan dori vositalari va tibbiy buyumlarning narxini belgilash tartibi qo‘pol ravishda buzilganligi oqibatida litsenziyaning amal qilishi to‘xtatilgan dorixona, dorixona filialining manzillari reyestri va xodimlari reyestrini shakllantiradi hamda ushbu Nizomning 55-bandida ko‘zda tutilgan manzillar reyestri va xodimlar reyestriga kiritilgan maʼlumotlar ular kiritilgan vaqtdan eʼtiboran uch yil davomida saqlanadi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech