O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bo‘yicha nima uchun aynan Innovatsion rivojlanish vazirligi shug‘ullanmoqda?

Innovatsion rivojlanish vazirligi, taʼlim va sog‘liqni saqlashga innovatsiyalarni joriy qilish hamda tadqiq etish boshqarmasi boshlig‘i tibbiyot fanlari doktori, dotsent Xudanov Baxtinur:

- Koronavirusga qarshi emlanish jarayoni Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti va Xitoyning Anhui Zhifei Loncom Biofarmaceutical kompaniyasi tomonidan amalga oshirilib kelinmoqda. Bundan ko‘rinib turibdiki, Sog‘liqni saqlash vazirligining ham bu borada xizmati cheksiz. Aynan Xitoyning Zhifei Longcom kompaniyasi bilan hamkorlikda vaksina bo‘yicha ishlash masalasida ilk tashabbus Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ko‘tarilgani bois asosiy zimmani o‘z bo‘ynimizga oldik. Shuningdek, Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov: "Klinik sinovlar bu — ilmiy tadqiqot. Biz keyinchalik O‘zbekistonda vaksina ishlab chiqarishni maqsad qilgan ekanmiz, bu jarayonlarni puxta o‘rganib olishimiz shart", deb taʼkidlaganlar. Bundan ko‘rinib turibdiki, vazirlik nafaqat emlash ishlari, balki ilmiy tadqiqot olib borish masalasida ham faoliyat olib bormoqda.

Shuningdek, Ilg‘or texnologiyalar markazida biotexnologiya, biofizika va boshqa bir qancha tibbiyotning fundamental yo‘nalishlarida ilmiy izlanishlar olib boriladi. Demak sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida nafaqat Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi tashkilotlar, balki Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirliklari va uning huzuridagi tashkilotlar ham ilmiy izlanishlar olib borishadi.

Shu sababli keng jamoatchilikka vaksina haqida maʼlumot berish, ommaga tushuntirish ishlarini olib borish va tadqiqot o‘tkazish ishlari bilan keng ravishda shug‘ullanmoqdamiz.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech