O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Xalqaro tashkilotning tavsiyasi e’tiborsiz qolganmidi?

Samarqandda tabletka va sirop ko‘rinishidagi “Dok-1 Maks” dori vositasi qabul qilinganidan so‘ng bemorlarda turli nojo‘ya taʼsirlar kuzatilgani bilan bog‘liq vaziyatga 23 dekabr kuni “Effekt Makarenko” telegram-kanalida quyidagi fikr bildirilgan:

“… ni nashe Agentstvo po razvitiyu farmatsevticheskoy otrasli, ni Minzdrav ne poschitali nujnim predupredit uzbekistansev. A ved yeщye 5 oktyabrya vishel ofitsialniy reliz Vsemirnoy Organizatsii Zdravooxraneniya o tom, chto zafiksirovani sluchai detskix smertey ot siropov ot kashlya, proizvedennix v Indii. VOZ 5 oktyabrya prizval vse strani viyavit takiye preparati i prekratit ix ispolzovaniye. Pochemu v Uzbekistane nikto iz otvetstvennix za sferu ne zabil trevogu?”

Ushbuga javoban Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi quyidagilarni maʼlum qiladi:

Chindan ham, oktyabr oyining avvalida JSSTning tibbiy mahsulotlarning qalbakilashtirilgani haqidagi 6/2022-sonli ogohlantirishi eʼlon qilingandi. Unda Maiden Pharmaceuticals Limited (Xaryana, Hindiston) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 4 ta preparat: Promethazine Oral Solution (prometazin, peroral eritmasi), Kofexmalin Baby Cough Syrup (“Kofeksmalin” yo‘talga qarshi bolalar siropi), Makoff Baby Cough Syrup (“Makoff” yo‘talga qarshi bolalar siropi) hamda Magrip N Cold Syrup (“Magrip N” shamollashga qarshi siropi) haqida so‘z borgandi.

JSST tomonidan ogohlantirish eʼlon qilingan zahoti Agentlik huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK Farmakologik nazorat bo‘limi mutaxassislari O‘zbekistion Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalari reyestrini mazkur ishlab chiqaruvchi tomonidan chiqarilgan har qanday turdagi dori vositalari borligi jihatidan o‘rganib chiqishdi. Tekshiruv preparatlar nomi emas, aynan ishlab chiqaruvchi kompaniya nomi asosida olib borildi, zero mazkur dori vositalarining O‘zbekistonga kirib kelgan nomi va qadog‘i ogohlantirishdagidan farq qilishi mumkin edi.

Tekshiruvlar natijasida JSST ogohlantirishida xabar qilingan dori vositalarini ishlab chiqaruvchi Maiden Pharmaceuticals Limited (Xaryana, Hindiston) kompaniyasining birorta mahsuloti ayni damda O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilmagani maʼlum bo‘ldi.

Boshqacha qilib aytganda, “Effekt Makarenko” telegram-kanalida so‘z borgan JSST ogohlantirishi Agentlik xodimlari tomonidan o‘z vaqtida o‘rganib chiqilib, tegishli choralar ko‘rilgan.

Taʼkidlash darkorki, aholi salomatligini saqlash maqsadida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi o‘z faoliyatini JSST hamda farmatsevtika sohasiga aloqador bo‘lgan xalqaro tashkilotlar bilan uzviy hamkorlikda olib boradi.

Farmakologik nazorat bo‘limi JSST xabarlari hamda AQSH, YEI, Buyuk Britaniya, Avstraliya va YEOII davlatlari tartibga soluvchi organlarinining saytlarini muntazam ravishda o‘rganib boradi.

Xususan, mazkur tashkilotlar, shu jumladan JSSTning har bir tavsiyasi doimiy tartibda o‘rganib chiqiladi va ularga o‘z vaqtida tegishli munosabat bildiriladi.

Zarurat tug‘ilganda agentlik Sog‘liqni saqlash vazirligini, tartibga soluvchi organlarni, shuningdek ishlab chiqaruvchilar, distribyutorlar hamda isteʼmolchilarni yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflar haqida tezkorlik bilan boxabar qiladi.

Shu bilan bir qatorda Agentlik tomonidan tartibga soluvchi organlar vakillari, shifokorlar, farmatsevtlar va boshqa mutaxassislar uchun yurtimizda ro‘yxatdan o‘tkazilgan farmatsevtika mahsulotlari yuzasidan mahalliy va halqaro ekspertlar ishtirokida seminar-trening hamda konsultatsiyalar muntazam ravishda tashkillashtirib kelinadi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech