O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Agentlik delegatsiyasi Misrga tashrifining boshqa tafsilotlari

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi delegatsiyasi Misr davlatiga tashrif buyurgani haqida xabar bergandik.

Mazkur tashrif samarali uchrashuvlarga boy bo‘ldi. Jumladan, agentlik vakillari Misrning dori vositalarini tartibga soluvchi “EDA – Egyptian Drug Authority” tashkiloti rahbariyati bilan ham muzokaralar olib bordilar. Misrda sifatli tibbiy texnikaga talab yuqori bo‘lgani bois, arab tomoni O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan sifatli tibbiy texnikani Misrga import qilish istagini bildirdi. Shuningdek, yurtimiz farmatsevtika terapevtik guruhlarida tanqis bo‘lgan dori vositalarini Misrdan eksport qilish bo‘yicha taklif ham bildirildi hamda bu rejalarni amalga oshirish uchun maxsus ishchi guruhni tashkil etishga kelishib olindi. Tashrif davomida tashkilotning klinik tadqiqotlar hamda ekspertizalar uchun mo‘ljallangan laboratoriyalari ko‘zdan kechirildi hamda o‘zbek ishlab chiqaruvchilarining  Misr ishlab chiqaruvchi korxonalariga tashrifi ham uyushtirildi.

Maʼlumot uchun: 2019 yilda tashkil etilgan “EDA” tashkiloti davlat vakolat organi sifatida tibbiy mahsulotlar va materiallarning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan sifati, samaradorligi va xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.

Shuningdek, Misrning yagona xaridlar, tibbiy taʼminot va tibbiy texnologiyalarni boshqaruvchi organi “UPA” bilan o‘zaro mutaxassislar malakasini oshirish dasturlarini tashkil etish, Africa ExCon ko‘rgazmasida ishtirok borasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Maʼlumot uchun: “UPA” (Unified Procurement Authority) Misrning tibbiy doirasida dori-darmonlar va tibbiy buyumlarning adolatli taqsimlanishini taʼminlash yo‘lida ishlaydi.

Mazkur mamlakatdagi yirik eksportyor - “Solyphar” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Omar Abdelalim bilan bo‘lgan uchrashuvda Toshkent viloyatidagi “Bo‘stonliq-Farm” hududida farmmahsulotlarni ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha investitsiya kelishuviga erishildi. Aytish darkorki, ushbu loyihaning umumiy qiymati 20 mln AQSH dollarini tashkil etadi.

Maʼlumot uchun: “Solyphar” kompaniyasi 2016 yilda “ADMA Pharma”ning  shoʻba korxonasi sifatida tashkil etilgan bo‘lib, Misr farmatsevtika bozorining yirik eksportchi kompaniyalaridan biridir. Markaziy va Sharqiy Yevropa, Afrika va Osiyoda faoliyat yuritadi, mahsulotini 21 ta mamlakatga eksport qiladi.

2023 yil 19 fevral kuni Agentlik delegatsiyasi O‘zbekiston-Misr biznes forumida ishtirok etdi. Forum doirasida Misrning “Solyphar Pharmaceuticals” kompaniyasi bilan investitsiya kelishuvi, shuningdek Pharco Corporation, “FPi Future Pharmaceutical Industries” kompaniyalari bilan shartnoma asosida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘nalishida hamkorlik qilish yuzasidan Memorandumlar imzolandi.

20 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan tashkillashtirilgan davra suhbatida Misrning eng yirik kompaniyalari, xususan  “ACDIMA”, “Pharco Corporation”, “Solyphar” kompaniyalari rahbarlari qatnashdi. Mazkur davra suhbati yakunida “ACDIMA” korporatsiyasining Yaqin Sharqda sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalariga sarmoya kirituvchi yirik xolding kompaniyasi rahbari Olfat G‘orab xonim shartnoma asosida farmmahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘nalishida hamkorlik qilish yuzasidan Kelishuvga imzo chekdi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech