O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

"Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida"gi Qonun mohiyati haqida har bir davlat xizmatchisi xabardor bo‘lishi muhim

Joriy yilning 8 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat organlari va tashkilotlarida mehnat qilayotgan 118 ming nafardan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy maqomini belgilovchi va ular faoliyatini yagona qoidalar asosida huquqiy tartibga soluvchi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunni imzoladi.

Qonun imzolanishidan bir necha kun avval, yaʼni 4 avgust kuni Prezident raisligida davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, unda davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari ishtirok etdi.

Ushbu yig‘ilishda Davlat rahbari davlat xizmatini isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtalib, ushbu masala qariyb 30 yildan beri keyinga surilib kelinayotganligini qayd etdi hamda mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda ikki yil davomida, chuqur muhokamalar asosida ushbu Qonun tayyorlanganligini alohida taʼkidlab o‘tdi.

Joriy yilning 10 noyabr sanasidan kuchga kiradigan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi mazkur qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyatini xodimlarga yetkazilishini taʼminlash maqsadida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida Agentlik markaziy apparati va uning tizimdagi tashkilotlarning rahbar-xodimlari ishtirokida tushuntirish-targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Oflayn va onlayn formatda bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirga taklif etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Davlat xizmatchilarining huquqlarini himoya qilish va ular uchun shart-sharoitlar yaratish masalalari departamentining bosh inspektori – Shaxruz Azimov mavzu yuzasidan taqdimot o‘tkazdi hamda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech