O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga oid loyihalar o‘rganildi

Joriy yilning 7 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi Toshkent viloyatida o‘z faoliyatini davom ettirib, qator yirik investitsiya loyihalari bilan tanishdi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning bugungi holatini o‘rganish, tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni aniqlash va ularni hal etish, investitsiya, sanoat va eksportni rivojlantirish borasida barcha imkoniyatlardan foydalanishga oid takliflar ishlab chiqishdan iborat edi.

Komissiyaning sayyor  ishi tibbiyot, veterinariya, oziq-ovqat xavfsizligi sohalari uchun biotexnologik mahsulotlarni ishlab chiqish va ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi “Rossa” MCHJdan boshlandi. Ushbu kompaniya tomonidan loyihani amalga oshirish jarayonida 5 million dollardan ortiq mablag‘ o‘zlashtirish hisobiga zamonaviy jihozlar o‘rnatildi, professional mutaxassislar jalb qilinib, ularning samarali faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

2021-2022 yillardagi pandemiya davrida kompaniya COVID-19 diagnostikasi uchun 3,8 million PSR test tizimlarini yetkazib berdi. Bu, birinchidan, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan diagnostika vositalariga ichki ehtiyojni qisman qondirish, ikkinchidan, bitta test narxini 2021 yilda 30 ming so‘mga, 2022 yilda esa 27 ming so‘mga tushirish imkonini berdi.

Shuningdek, Hukumat komissiyasi aʼzolari kompaniyaning yangi ishlanmalari, jumladan OIV, B va S gepatitlari, odam papillomavirusi, sil, gerpes va boshqa infeksiyalarni aniqlaydigan PSR test tizimlari bilan tanishtirildi.

Shu kunning o‘zida komissiya aʼzolari Zangiota tumanidagi 130 gektar maydonda barpo etilayotgan “Tashkent Farma Park” innovatsion ilmiy farmatsevtika klasteri qurilish maydoni bo‘lishdi. Ushbu loyiha respublikada farmatsevtika tarmog‘ini har tomonlama rivojlantirishni rag‘batlantirish maqsadida amalga oshirilmoqda. Taqdimotlar chog‘ida masʼul rahbarlar amalga oshirilgan ishlarning natijalari va istiqboldagi rejalar haqida so‘z yuritdilar.

Jumladan, klaster hududida Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiyot texnikasini ekspertizasi va standartlashtirish markazi, ilmiy markazlar, vivariy, Farmatsevtika texnika universiteti, ishlab chiqarish korxonalari, maʼmuriy binolar, stadionli sport majmuasi va boshqa inshootlar qurish rejalashtirilgan. Hozirda Turkiya, Chexiya, Hindiston, Xitoy va O‘zbekistonning yirik kompaniyalari ushbu klasterda rezident maqomini olishga qiziqishlarini tasdiqlagan. Mazkur kompaniyalar tomonidan umumiy qiymati qariyb 200 million dollarni tashkil etadigan loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Komissiya aʼzolari klasterning har bir tarkibiy qismi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning holati, xar bir obyektda qurilish ishlarining borishi, kommunal tarmoqlarga ulanish va boshqa jihatlarni o‘rgandilar.

Tadbirkorlar bilan muloqotda biznesning dolzarb muammolari ko‘tarilib, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni yana-da rivojlantirishga oid konstruktiv g‘oyalar muhokama qilindi. Masʼul rahbarlarga klaster yaratishning har bir bosqichini amalga oshirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish, yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va idoralararo hamkorlikni kuchaytirish orqali tezkorlik bilan hal etish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech