O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Sogʼliqni saqlash vazirligi ogohlantiradi: Chustdagi artezian quduq suvi – ichimlik suvi sifatida foydalanishga yaroqsiz.

Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligi Namangan viloyati, Chust tumanidagi fermer dalasidan buloq chiqqani va uning suvi shifobaxshligi haqida tarqalgan shov-shuvli xabarlar yuzasidan maʼlumot berdi.

Maʼlum qilinishicha, Namangan viloyat DSENM mutaxassislari tomonidan 2019 yilning 22 may kuni Chust tumanidagi «Tomchi zamin» fermer xoʼjaligidagi artezian quduq suvidan laboratoriya tekshiruvlari uchun suv namunalari olingan. Viloyat Davlat sanitariya epidemiologiya markazining akkreditatsiyadan oʼtgan laboratoriyalarida bakteriologik, sanitariya-kimyoviy va radiologik tekshiruvlar olib borilmoqda. 

Dastlabki sanitariya-kimyoviy tahlil natijalariga koʼra olingan suv namunasi loyqaligi, vodorod koʼrsatgichi (rn), umumiy minerallanishi (quruq qoldiq), umumiy qattiqligi, sulьfatlar va xloridlar qoldigʼi koʼrsatkichlari boʼyicha OzDst 950-2011 «Ichimlik suvi. Gigienik talablar va sifatini nazorat qilish» Davlat standarti meʼyorlaridan bir necha barobar yuqoriligi aniqlangan. Qayd etilishicha, bunday suv aholi uchun ichimlik suvi sifatida isteʼmolga berilishi va ishlatilishi mumkin emas. Hozirda bakteriologik tahlillar davom ettirilmoqda.

«Har qanday mineral suvlarning shifobaxshlik xususiyatini aniqlash uchun avvalo Oʼzbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar Davlat qoʼmitasi tomonidan tegishli tahlillar oʼtkazilishi va ushbu tahlil natijalari Sogʼliqni saqlash vazirligining «Respublika terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy markazi» tomonidan baholanishi lozim. Аgarda oʼrganilgan suvning shifobaxshligi aniqlansa, suvdan foydalanish qoidalariga mos ravishda suv manbasida belgilangan qurilish ishlari olib borilib, suvning aynan qaysi kasalliklarga shifoligi boʼyicha sanitariya-gigiena va epidemiyaga qarshi tartiblarga rioya etgan holda foydalanish mumkin. Mutaxassislar tomonidan oʼrganilmasdan, suvni ichish, yuvinish, vanna yoki boshqa usullar bilan davo sifatida foydalanish organizmda mavjud kasalliklarni qoʼzgʼatishi, ogʼirlashtirishi yoki boshqa kasalliklarni keltirib chiqarishi kabi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Shunday ekan, ushbu holatda «Tomchi zamin» fermer xoʼjaligidagi artezian quduq suvidan inson salomatligi yoʼlida foydalanishni toʼxtatish lozim. Suv – nafaqat hayot manbai, balki koʼpgina yuqumli, jumladan oʼta xavfli yuqumli kasalliklar hamda somatik kasalliklarning tarqalish omili ekanligini yodimizdan chiqarmasligimiz kerak», deydi Kun.uz soʼroviga javoban Respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi rahbari Bahrom Аlmatov. Joriy haftada Chustda «saratonga davo ekani» aytilayotgan buloq katta shov-shuv keltirib chiqardi. 

Аyni vaqtda respublikaning turli nuqtalaridan minglab kishilar Chustdagi «buloq»qa shifo izlab kelmoqda. 

Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish Аgentligi matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech