O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Toshkentdagi shifoxonalardan biriga yurtimizda ishlab chiqarilgan O‘SSH apparati taqdim etildi

Joriy yilning 30 iyun kuni Toshkent shahrida Slovakiya-Rossiya-O‘zbekiston “Chirana Asia” qo‘shma korxonasida yig‘ilgan birinchi o‘pkani sunʼiy shamollatish apparati Ibn Sino nomidagi 1-sonli Toshkent shahar kasalxonasiga taqdim etish marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi vakillari tadbirning faxriy mehmonlari bo‘lishdi.

“Chirana Asia” MCHJ QK “Made in Uzbekistan” (O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan) yorlig‘i ostida yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqarish maqsadida Slovakiyaning “Chirana” kompaniyasi va rossiyalik sheriklari bilan birgalikda tashkil etilgan. Bunday ishlab chiqarish Markaziy Osiyoda birinchi marotaba amalga oshirilayotgan bo‘lib, tibbiyot sanoatida import o‘rnini bosishni tezlashtiradi.

“Chirana Asia” MCHJ QK tomonidan taqdim etilgan o‘pkaning sunʼiy shamollatish apparatining CHIROLOG SV Basic modeli “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi” DUKning Tibbiy buyumlar va tibbiy jihozlar sifat nazorati laboratoriyasida barcha kerakli sinovlardan o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Mutaxassislar tibbiy asbob-uskunalarning zamonaviy xalqaro standartlar talablariga javob berishini tasdiqladilar”, - dedi Aziz Do‘smatov, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Fan va taʼlimni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i.

Korxona vakillari taʼmirlash uchun ehtiyot qismlar bilan taʼminlangan servis markazining tashkil etilishini, anesteziologiya sohasidagi yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni taklif qilish bilan o‘pkani suniy shamollatish va nafas olish apparatlaridan foydalanish bo‘yicha seminarlarni o‘tkazish rejalashtirilganligini aytishdi.

“Hozirda shamollatish moslamalari 12 mamlakatda ishlab chiqarilmoqda”, deydi “Chirana+” kompaniyasi bosh direktori Vasiliy Shimko. “Chirana brendi dunyodagi eng mashhur oltita brendlardan biridir. Bizning apparatlarimiz, boshqa modellardan farqli o‘laroq, bitta bosqichli emas, balki uch bosqichli shamollatishni amalga oshiradi. O‘zbekistonda bunday zavodning yaratilishi davlatning tibbiy xavfsizligini taʼminlaydi”.

“Chirana Asia” MCHJ QK vakillarining so‘zlariga ko‘ra, korxona mahsulotlarini Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Afg‘onistonga ham eksport qilish rejalashtirilgan.

Maʼlumot:

Ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning birinchi bosqichida xorijiy sheriklar tomonidan 3 million AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritilib, 30 ish o‘rni yaratilgan. Ikkinchi bosqichda 5-6 million AQSH dollarigacha sarmoya kiritish va 100 tagacha ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech