O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

O‘zbekiston farmatsevtika sohasida Efiopiya davlati bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda

2022 yil 7-11 noyabr kunlari Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinborsari Ulugbek Egamov boshchiligidagi delegatsiya Efiopiya davlatida xizmat safari bilan bo‘ldi.

Agentlik vakillari Addis-Abeba shahrida «USP United States Pharmacopeial Convention-Ethiopia» tashkiloti hamda Efiopiya oziq-ovqat va dori vositalari sifatini nazorat qilish boshqarmasi (EFDA) tomonidan Xavfga yo‘naltirilgan postmarketing nazorat tizimi (Risk-based post marketing surveillance) va Global taqqoslash vositasi (Global Benchmarking Tool) bo‘yicha bo‘lib o‘tgan tadbirda ishtirok etishdi.

Tadbir davomida EFDAning Farmatsevtika mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, Postmarketing nazorati va Inspeksiya boshkarmalari, shuningdek Sifat nazorati laboratoriyalari faoliyati bilan yakindan tanishildi. Uchrashuvlar davomida EFDA tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimida tashqi ishlab chiqaruvchilar hamda qo‘shma korxonalar uchun qator yengilliklar mavjudligi maʼlum bo‘ldi. Uchrashuv yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Efiopiya oziq-ovqat va dori vositalarining sifatini nazorat qilish boshqarmasi (EFDA) o‘rtasida xamkorlik borasida kelishuvga erishildi.

Tashrif chog‘i delegatsiya aʼzolari Addis - Abeba shahri yaqinidagi erkin iqtisodiy zonada joylashgan «Sansheng Pharmaceutical PLC (SSP)» korxonasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishishdi.

Shuningdek, delegatsiya vakillari va Efiopiya mamlakati Importchilar uyushmasi vakillari, Ishlab chiqaruvchilar uyushmasi, shuningdek Klinik sinovlar markazi hamda Yangi dori vositalarini yaratish markazi vakillari o‘rtasida davra suhbatlari ham tashkil etildi.

Taʼkidlash darkorki, aholisining soni 110 mln. ga yaqin bo‘lgan, farmatsevtika mahsulotlarining importi hajmi 90% ni tashkil etuvchi Efiopiya davlatining farmatsevtika bozori O‘zbekistondagi mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun imkoniyatlar eshigini keng ochib, Afrika kitʼasi farmatsevtika bozoriga dadil qadamlar bilan kirib borishga zamin yaratadi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi mahalliy ishlab chiqaruvchilarning farmatsevtik mahsulotlarini aynan Efiopiya orqali Afrika qitʼasiga eksport qilish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rishni rejalashtirgan.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech