O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

O‘zbekistonda ilk bor Birinchi Xalqaro farmatsevtika forumi bo‘lib o‘tadi

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Xorijiy farmatsevtika kompaniyalari va ishlab chiqaruvchilari vakolatxonalarining O‘zbekistondagi Assotsiatsiyasi tashabbusi bilan Toshkentda  O‘zbekistonning Birinchi xalqaro farmatsevtika forumi o‘tkaziladi.

Ushbu anjuman davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish va eksport hajmini ko‘paytirish, yirik xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda yuqori salohiyatli loyihalarni amalga oshirish vazifalari ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilmoqda.

Tadbir xalqaro va maxalliy ishlab chiqaruvchilar, tartibga soluvchilar, distribyutorlar, dorixonalar tarmoqlari va bozor ekspertlari o‘rtasida ilg‘or tajriba va amaliyotlar, innovatsion usullar va texnologiyalar almashinuvi maydoniga aylanishi kutilmoqda.

Mazkur forumda 30 dan ortiq yetakchi xorijiy kompaniyalar va 60 dan zid maxalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etishini tasdiqladilar.

Forumda O‘zbekistonda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, uning sarmoyaviy imkoniyatlari, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish masalalari muhokama qilinadi. Alohida eʼtibor sohani rivojlantirishga oid davlat siyosati va mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari, milliy farmatsevtika tarmog‘iga xalqaro GMP, GVP, GDP standartlarini joriy etish mavzulariga qaratiladi.

Qatnashchilar, shuningdek, dori-darmon narxini shakllantirish va raqamli belgilash jarayonlari hamda dori vositalari aylanmasini monitoring qilish tizimi haqida bilib oladilar.

Forum ishida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi vazirliklari, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Savdo-sanoat palatasining masʼul xodimlari, soliq, bojxona va antimonopoliya qo‘mitalarining ekspertlari, mamlakatimizdagi chet el elchixonalari va diplomatik korpuslar, xorijiy savdo vakolatxonalari, dorixona tarmoqlarining vakillari,  distribyutorlar ishtirok etishadi.

Forum 2022 yil 15-16 iyun kunlari «Hyatt Regency Tashkent» mehmonxonasining anjumanlar zalida bo‘lib o‘tadi (O‘zbekiston, Toshkent, Navoiy ko‘chasi, 1A).

Shuningdek, forum doirasida Samarkand shaxrida 17 iyun kuni «Avicenna Heritage» Birinchi xalqaro dorivor o‘simlik mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etiladi.

Forumda ishtirok etish uchun First International Pharmaceutical Forum of Uzbekistan (www.uzpharmforum.com) rasmiy veb-saytida ro‘yxatdan o‘tishingiz so‘raladi.

Murojaat uchun: Ishlab chiqarish masalalari boshqarmasi mutaxassisi N.Begaliyev (90) 903-57-50 

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech