O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Qo‘qonda shpris va tibbiy infuzion sistemalar ishlab chiqarish zavodi ish boshladi

Qo‘qon shahrida tibbiyot buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Life Import” MCHJ qo‘shma korxonasi ish boshladi. Bu yerda yiliga 100 million dona shpris, 30 million tibbiy infuzion sistemalar, shuningdek, 33,5 million dona tibbiyot maskalari hamda baxilalari ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Korxonaning ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Bahodirxo‘ja Temirov ishtirok etdilar.

Tadbirkor Ahmadjon Haydarov tashabbusi bilan amalga oshirilgan ushbu loyihaning umumiy qiymati 5,5 million dollar bo‘lib, shundan 1 million dollari xitoylik sarmoyadorlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyasidir. Viloyat hokimligi ko‘magi bilan 1,8 million dollar bank krediti taqdim etildi. Ishlab chiqarish uchun Xitoydan eng zamonaviy dastgohlar olib kelib o‘rnatilgan.

Ikki smenada ish tashkil etiladigan korxonada 120 nafardan ziyod yoshlarning doimiy bandligi taʼminlanadi.

Ushbu korxonaning ishga tushirilishi bilan Farg‘ona viloyatidagi farmatsevtika va tibbiyot jihozlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar soni 10 taga yetdi.

Ochilish tadbiridan so‘ng tadbirkor Ahmadjon Haydarov viloyat rahbariga “Life Import” MCHJ qo‘shma korxonasi tomonidan amalga oshirishga kirishilayotgan yangi loyihalarni ham taqdim etdi.

Qiymati 17 million dollar bo‘lgan dori vositalari ishlab chiqarish tashkil etish loyihasi natijasida yiliga 180 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish hamda 100 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Viloyat hokimi ushbu istiqbolli loyihani “Qo‘qon” EIZ hududida joylashtirish uni kelgusi yil yakuniga qadar ishga tushirish imkonini berishini qayd etdi.

Shuningdek, “Life Import” MCHJ tomonidan Chiqindilarni qayta ishlashni tashkil etish investitsion loyihasini amalga oshirish ham ko‘zda tutilgan. 2,5 million dollarlik loyihani amalga oshirilishi natijasida 80 nafar yangi ish o‘rni shakllantiriladi hamda yiliga 300 ming tonna chiqindini qayta ishlash quvvati yaratiladi.

Viloyat hokimi har ikki loyihani ham amalga oshirish uchun tadbirkorga har tomonlama ko‘mak berilishini bildirdi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech