O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Sardor Kariyev Hukumat vakillaridan iborat delegatsiya tarkibida Vengriya davlatiga tashrif buyurdi

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev O‘zbekiston Respublikasi hukumati vakillaridan iborat delegatsiya tarkibida Vengriya davlatiga rasmiy tashrif bilan bordi.

Mazkur tashrif doirasida mazkur davlat farmatsevtik kompaniyalari vakillari bilan uchrashib, muzokaralar olib borildi.

Jahonda 13 turdagi dori vositalariga patent olgan, mahsulotlarini Germaniya, Vyetnam, Yaponiya kabi 20 dan oshiq davlatlarga eksport qiluvchi «Meditop Pharmaceutical Ltd». kompaniyasi vakillari David Greskovits va Akc Zoltan bilan bo‘lgan uchrashuvda Sardor Kariyev O‘zbekiston Respublikasi farmatsevtika sohasining investitsion jozibadorligini ochib berdi, shuningdek tarmoq korxonalari faoliyati bilan tanishtirdi.

Uchrashuvda, shuningdek, farmatsevtik mahsulotlarni (epilepsiyani davolashda qo‘llaniluvchi preparatlar, antibiotiklar va og‘riq qoldiruvchi dori vositalarini) ishlab chiqarish bo‘yicha investitsion loyihani amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Uchrashuvdan so‘ng «Meditop Pharmaceutical Ltd». kompaniyasi xodimlari agentlik vakillarini ishlab chiqarish maydoni va ilmiy-ishlab chiqarish laboratoriyasi bilan tanishtirishdi.

Sardor Kariyev boshchiligidagi ekspertlar o‘zaro xamkorlik istiqbollarini o‘rganish uchun aksiyalari Budapesht fond birjasi ro‘yxatlariga kiritilgan, xalqaro GMP, GPP talablariga javob beruvchi, ISO 9001:2015 va ISO 13485:2016 sertifikatlariga ega bo‘lgan «Gedeon Richter» kompaniyasiga ham tashrif buyurishdi.

Ushbu kompaniya vakillari o‘zbek tomonini ishlab chiqarish maydoni, ilmiy-ishlab chiqarish laboratoriyasi va R&D-markazining faoliyati bilan tanishtirib o‘tdi.

Ikki o‘rtadagi muzokaralar chog‘i O‘zbekiston Respublikasida «Gedeon Richter» brendi ostida dori vositalarini shartnoma asosida ishlab chiqarish masalasi ko‘rib chiqildi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi delegatsiyasi vakillari, shuningdek, “Femfeldogozo” kompaniyasi vakillari bilan ham uchrashib, O‘zbekistonda «Oskar Mebel» MCHJ bilan hamkorlikda tibbiy mebel va tibbiy uskunalarni ishlab chiqarish masalasida muzokaralar olib borishdi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech