O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Shavkat Mirziyoev: Tibbiy jihozlarni yurtimizda ishlab chiqarish ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan yaxshi natija beradi

Shavkat Mirziyoev: Tibbiy jihozlarni yurtimizda ishlab chiqarish ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan yaxshi natija beradi.

Shavkat Mirziyoev Fargʼona shahridagi «Listem-Fergana» qoʼshma korxonasini borib koʼrdi. Janubiy Koreya bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur qoʼshma korxonada rentgen asbob-uskunalari ishlab chiqariladi. Bu nafaqat yurtimiz, balki mintaqada yuqori texnologiyali tibbiy texnika tayyorlaydigan yagona zavod hisoblanadi. Korxona loyihasining umumiy qiymati 8 million dollar boʼlib, yiliga ikki turdagi 300 dona renten apparati ishlab chiqarishga moʼljallangan. Birinchi bosqich doirasida 35 kishi ish bilan taʼminlangan. Yil yakuniga qadar yana yuzga yaqin ish oʼrni yaratilishi koʼzda tutilgan.

Hozirda keyingi bosqichni hayotga tatbiq etish ustida ish olib borilyapti. Buning natijasida yillik ishlab chiqarish quvvatini 500 donaga, mahsulotlar turini 10 dan oshirish rejalashtirilgan. Bu shu paytgacha katta valyuta mablagʼlari evaziga import qilinayotgan tibbiy uskunalar oʼrnini toʼldirish, ichki bozorni arzon va yuqori sifatli jihozlar bilan taʼminlashga xizmat qiladi. Korxona toʼla quvvat bilan ishlay boshlagach, mahsulotni eksportga yoʼnaltirish ham moʼljallangan. 

«Listem-Fergana»ning rentgen uskunalariga hozirdanoq talab yuqori. Bu yerda ishlab chiqarilgan dastlabki «Smart DR» raqamli rentgen apparati chet ellardagi muqobillaridan uch barobar arzon. Masalan, uning narxi 50 ming АQSh dollarini tashkil etadi. «Philips» kompaniyasining shu kabi texnikasi 144 ming dollar, «Siemens» kompaniyasiniki esa 168 ming dollar atrofida baholanadi. «Smart DR» rentgen apparatida soatiga 15 mijozni tekshiruvdan oʼtkazish mumkin. Olingan tasvirlar kompyuter xotirasida 5 yilgacha saqlanadi. Bu kasalliklar dinamikasini kuzatishda muhim ahamiyatga ega. Tasvirni internet orqali yuborish ham mumkin. Bu boshqa shifokorlar bilan masofadan turib maslahatlashish imkonini beradi.
Davlatimiz rahbari aholi salomatligini mustahkamlashda toʼgʼri tashxis qoʼyish muhimligi, tibbiy jihozlarni yurtimizda ishlab chiqarish ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan yaxshi natija berishini taʼkidladi. Shavkat Mirziyoev endi korxonada mahalliylashtirish darajasini oshirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, xodimlar malakasini yuksaltirish boʼyicha topshiriqlar berdi.

Shu yerda «Hyundai» kompaniyasi bilan hamkorlikda «Qoʼqon» erkin iqtisodiy zonasida elektromobillar ishlab chiqarish, Vodil koʼmir konida koʼmir qazib chiqarish, toshdan ekologik toza qogʼoz ishlab chiqarishga oid rejalar, «Fargʼonaazot» va «Qoʼqonsuperfosfat» aktsiyadorlik jamiyatlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan loyihalar muhokama qilindi.

Prezidentimiz loyihalarni maʼqullab, ularni amalga oshirishda sifat va muddatga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech