O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Tarmoqni takomillashtirish choralari o‘rganildi

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida videokonferens aloqa shaklida yig‘ilish tashkil etildi. Unda 50 dan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchilar va xududiy bo‘linma xodimlari ishtirok etdi.

Agentlikning birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Egamov boshligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tarmoqni yanayam rivojlantirish borasidagi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.  Jumladan, Investitsiya va iashqi savdo vazirligi maʼsul xodimlari ishtirokida agentlik tomonidan koperatsiya birjalarida yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishtirildi va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni birjalar ishida o‘z mahsulotlari bilan faol ishtirok etishga chaqirildi. Xususan, shu kunlarda Toshkentda o‘tkazilayotgan respublika koperatsiya birjasida qatnashayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchilar va ularning mahsulotlari haqida aytib o‘tildi.

Shuningdek, ishlab chiqarish hajmlari tushib ketgan korxonalar, (Jo‘rabek, Remedi Grupp, Merrimed Farm va Uzgermedfarm) bilan yuzaga kelgan bu salbiy holatning sabablari, muammo va yechimlari borasida fikr almashildi.

Yig‘ilishda, shuningdek, Agentlikning birinchi o‘rinbosari U.Egamov so‘zga chiqib, mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotining eksportini oshirish maqsadida Agentlikning Investitsiya va tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda olib borayotgan ishlari to‘g‘risida gapirib berdi. Xususan, Qozog‘iston va Belarusiya davlatlari bilan dori vositalari va tibbiy buyumlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda o‘zaro kelishuvga erishilayotganligi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, eksportni geografiyasini kengaytirish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosarining 09.06.2022 yildagi 24/17-17-son buyrug‘iga asosan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi delegatsiyasining Janubiy Afrika Respublikasining Yoxannesburg shahriga xizmat safari doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirildi.

Taʼkidlash joizki, joriy yilning 26-28 oktyabr kunlari mahalliy farmatsevtika korxonalari bilan birgalikda Agentlik delegatsiyasi Janubiy Afrika Respublikasining Yoxannesburg shahrida o‘tkazilgan “AFRICA HEALTH 2022” xalqaro tibbiyot va farmatsevtika ko‘rgazmasida ilk bor ishtirok etdi. Keyingi paytda Afrika davlatlarida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar soni yetarli emasligi tufayli kontinet bozorida dori vositalari va tibbiyot jihozlari keskin tanqisligi  kuzatilmoqda. Shu bois Afrika qitʼasida farmatsevtika yo‘nalishida ulkan salohiyat, yaʼni bozorni o‘zlashtirish imkoniyati mavjudligi aniqlandi va bu yo‘nalishda muntazam ravishda ishlab olib borilishi maqsadga muvofiqligi taʼkidlab o‘tildi.

Shuningdek, U. Egamov Agentlikning Marokash va Efiopiya davlatlariga qilgan biznes-missiyalari haqida gapirib berdi.

Shundan so‘ng, yig‘ilish qatnashchilari ishtirokida muzokara bo‘lib o‘tdi. Xususan, “Jo‘rabek Laboratoris” MCHJ QK korxonasi vakili Agentlik tomonidan ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘mak uchun minnatdorchilik bildirdi. U, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonida foydalaniladigan polietilen va polipropilen xomashyosiga bo‘lgan 10% lik aksiz solig‘ini bekor qilishni yoki mahalliy ishlab chiqaruvchilartomonidan ushbu xomashyoni farmatsevtika talablariga ko‘ra ishlab chiqarishni taklif etdi. “OPTIMA SOBIRJON” MCHJ vakili o‘tgan yili Belorusiyaga eksport qilingan mahsulotlarga to‘lov bo‘yicha qarzdorlikni undirish yuzasidan iltimos bilan so‘zga chiqdi. Bundan tashqari, yig‘ilishda bugungi kunda mahsulotlarni chet davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazish, klinikoldi va klinik sinovlar, korxonalarning GMP standartlarini davlatlar o‘rtasida o‘zaro tan olish yo‘li bilan soddalashtirishga oid fikr va takliflari bildirildi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech