O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Ulug‘bek Egamov boshchiligidagi ekspertlar guruhi xizmat safari bilan Latviyada bo‘ldi

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Egamov boshchiligidagi ekspertlar guruhi joriy yilning 12-14 sentyabr kunlari Latviya Respublikasida xizmat safari bilan bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tashabbusi bilan Riga shahrida “Made in Uzbekistan” brendi ostida tashkil etilgan Xalqaro savdo missiyasida agentlik ekspertlari guruhi va 10 ga yaqin soha korxonalari vakillaridan iborat delegatsiya ishtirok etdi.

12 sentyabr kuni biznes-forum doirasida agentlik direktori birinchi o‘rinbosarining “O‘zbekiston Respublikasida farmatsevtika sanoatining investitsion jozibadorligi” mavzusidagi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizdagi farmatsevtika erkin iqtisodiy zonalarda yangi investorlar beriladigan imtiyozlar, ularning faoliyatini rivojlantirish maqsadida yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida so‘z bordi. Xususan, “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri loyihasi ishtirokchilarda katta qiziqish o‘yg‘otdi.

B2B muzokaralar chog‘i o‘zbekistonlik kompaniyalar Latviya bozorining asosiy xususiyatlari, hamkorlik tajribasi, Boltiqbo‘yi va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga turli sanoat tarmoqlaridan mahalliy mahsulotlar yetkazib berish va hamkorlik yo‘nalishlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Shuningdek, Latviya Respublikasining “Lotos Pharma”, “PharmaSwiss Latvia, SIA” va “Merck & Co” korxona vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Muzokaralar qator ijobiy natijalarni berdi. Xususan:

“Fazo lyuks” MCHJ korxonasi tibbiy mahsulot eksporti uchun Yevropa sertifikati mavjudligini inobatga olgan holda dastlabki xujjatlarni taqdim etdi.  Latviya Respublikasida ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng birinchi 500 ming AQSH dollarlik eksport shartnomasi imzolanishi kelishib olindi.

“Dentafill plyus” MCHJ korxonasi mahsulotlarni Litva bozoriga kiritish masalasi hamda Shvetsiyalik ishbilarmon tadbirkorlar bilan mahsulotlarni Shvetsiya va yondosh respublikalar bozorlariga sotish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.

13 sentyabr kuni Latviya Respublikasining eng yirik farmatsevtika kompaniyalaridan biri bo‘lgan hamda bugungi kunda 20 xilga yaqin dori vositalari O‘zbekistonga import qilinayotgan “Grindeks” AJ korxonasiga tashrif buyurildi. Tashrif chog‘i respublikamizda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmagan dori vositalarini mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi.

Boltiqbo‘yi davlatlarining eng yirik farmatsevtika kompaniyalaridan biri bo‘lgan “Olainfarm” AJ va “Aziya Immunopreparat” MCHJ o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘i yurtimizda shartnoma asosida immunobiologik va bakteriofag dori vositalarini ishlab chiqarish va ular eksportini yo‘lga qo‘yish yuzasidan hamkorlik kelishuvi loyihasi taklif qilindi.

14 sentyabr kuni delegatsiya aʼzolari Latviya Respublikasining dori vositalari davlat agentligiga tashrif buyurildi.  

Uchrashuv davomida Latviya savdo-iqtisodiy sohada davlatlar o‘rtasida farmatsevtika mahsulotlari aylanmasini kengaytirish va nomenklaturasini ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, davlatlar o‘rtasida farmatsevtika mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni o‘zaro soddalashtirish taklifi berildi.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan  va eksport salohiyati yuqori bo‘lgan dori vositalari va tibbiy buyumlarning ro‘yhati O‘zbekiston Respublikasining Latviyadagi diplomatik kanallari orqali Latviya tomoniga yetkazilishiga kelishib olindi.

“Latviya Respublikasining dori vositalari davlat agentligi” (Latviya) va “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” (O‘zbekiston) tomonidan ikki davlat korxonalari ro‘yxatdan o‘tkazish uchun topshirgan farmatsevtika mahsulotlarining ko‘rib chiqilishi bo‘yicha doimiy tarzda maʼlumot almashinuvini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech