O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Oʼzbekiston Respublikasi sogʼliqni saqlash vaziri Аlisher Shodmonov boshchiligidagi delegatsiya farmatsevtika sanoatini rivojlantirishda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Koreya Respublikasida boʼldi

Sogʼliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʼlimi xabariga koʼra, tashrif doirasida delegatsiya «Eulji» universiteti rahbariyati bilan uchrashdi. Muloqotda delegatsiya tomonidan soʼnggi yillarda mamlakatda amalga oshirilayotgan ijobiy oʼzgarishlar, jumladan, tibbiy turizmni rivojlantirish, xorijiy investorlarni yurtimizga jalb etish borasida yaratilgan shart-sharoitlar haqida maʼlumot berildi. Oʼz navbatida, Koreya tomoni mamlakatda «Eulji» universiteti filiali va klinikasini tashkil etishga qiziqish bildirdi. Ushbu loyihani muhokama qilish maqsadida yaqin vaqt ichida «Eulji University» rahbari Xong Song Xi Oʼzbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirayotganini qayd etdi. Muzokaralar yakunida tomonlar oʼzaro anglashuv memorandumini imzolashdi.

Delegatsiya aʼzolari Osan shahrida 20 yildan buyon faoliyat yuritayotgan Biofarmklasterda ham boʼlishdi. Bu yerda joylashgan farmatsevtika va bio-farmatsevtika kompaniyalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, klinikalar, laboratoriyalar va venchur jamgʼarmalari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Uchrashuv chogʼida mamlakatimizda farmatsevtika va tibbiyot rivoji borasida olib borilayotgan saʼy-harakatlar haqida atroflicha toʼxtalib oʼtildi. Jumladan, Koreya tajribasi Oʼzbekiston sogʼliqni saqlash tizimini rivojlantirishda namuna boʼlayotgani taʼkidlanib, bu boradagi hamkorlik mamlakatimizda koreyalik hamkasblar bilan birgalikda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan zamonaviy farmatsevtika klasteri faoliyatida ham qoʼl kelishi qayd etildi. 

Muloqot yakunida tomonlar Oʼzbekistonda farmatsevtika klasterini tashkil etish borasida “Yoʼl xaritasi”ni tayyorlash boʼyicha ishchi guruh tuzishga kelishib oldilar. Ushbu kelishuv Oʼzbekiston Sogʼliqni saqlash vaziri Аlisher Shodmonov va Koreya Respublikasi Biofarmklasteri rahbari Pak Gusun oʼrtasida imzolangan oʼzaro anglashuv memorandumi bilan mustahkamlandi.

Umuman olganda, Oʼzbekiston delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga zamin yaratdi.

UzPharmAgency matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech