O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Hindistonning Avantika Medex kompaniyasi O‘zbekiston farmatsevtika tarmog‘iga sarmoya kiritishga tayyor

Shu kunlarda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida Hindistonning Avantika Medex Pvt Ltd kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar hamkorlik masalalari, xususan, yurtimizda farmatsevtika korxonasini qurish bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirishni muhokama qildilar.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Alisher Temirov mehmonlarga  Farmagentlikning asosiy vazifalaridan biri bo‘lmish farmatsevtika sohasini rivojlantirish ekanlini aytib o‘tdi va O‘zbekistonning ushbu sohadagi investitsion jozibadorligi to‘g‘risida maʼlumot berdi. Xususan, farmatsevtika erkin zonalari va klasterlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi afzalliklarga alohida eʼtibor qaratdi.

O‘z navbatida, Avantika Medex kompaniyasi rahbari janob Lalbabu Singx yig‘ilganlarni kompaniya faoliyati bilan tanishtirdi va korxona ko‘p yillar davomida dori-darmonlarni ishlab chiqarish bo‘yicha Hindiston bozorida yetakchi o‘rinlardan birini egallab kelayotganini va farmatsevtika mahsulotlarini sotishda yetarlicha tajribaga ega ekanligini taʼkidladi.

Maʼlumki, bu yil Toshkent viloyatida Tashkent Pharma Park farmatsevtika klasterini qurish bo‘yicha ulkan loyihani amalga oshirishga kirishildi. Uchrashuvda ishtirok etgan Tashkent Pharma Park klasteri direktori v.b. Sanjar Babadjanov mehmonlarga farmatsevtika klasteri ishtirokchilari uchun yaratilgan sharoit va imtiyozlar to‘g‘risida maʼlumot berdi.

“O‘zbekistondagi qulay sarmoyaviy muhitni hisobga olgan holda, Avantika Medex talab qilinadigan import o‘rnini bosuvchi dori vositalari ishlab chiqarish loyihasini mahalliylashtirish niyatida. Sarmoyaning taxminiy hajmi 10 million AQSH dollarini tashkil etadi”, deya qiziqish bildirdi janob Lalbabu Singx.

Muzokaralar yakunida kompaniya vakillari ushbu loyiha uchun joyni tanlash va tanishish uchun Tashkent Pharma Park klasteri hududiga tashrif buyurishni rejalashtirdilar. Tomonlar loyihani amalga oshirish uchun aniq chora-tadbirlar yuzasidan tarmoq jadvalini ishlab chiqishga kelishib oldilar. Avantika Medex kompaniyasi vakillarining O‘zbekistonga tashrifi davom etmoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech